Saylov - 2012: Muhim shtatlarda ko'pchilik Obama tomonida

  • Amerika Ovozi

Prezident Barak Obama Lorain kollejida nutq so'zlamoqda.

Prezident Barak Obama Lorain kollejida nutq so'zlamoqda.

AQShda bu yil 6-noyabrda o’tadigan prezidentlik saylovlari va nomzodlar haqida o’tkazilgan so’nggi ommaviy so’rovlarda ko’pchilik amaldagi prezident Barak Obama tomonida ekanini aytgan.

“NBC News” hamda “Wall Street Journal” o’tkazgan so’rovga ko’ra, prezident Obama respublikachi raqibi Mitt Romnidan biroz oldinda. Respondentlarning 47 foizi Obamaga, 44 foizi Romniga ovoz berishlarini aytgan. Saylovda muhim rol o’ynaydigan shtatlarda Obamaning imkoniyatlari yaxshi, deydi tahlilchilar.

So’rovga boshchilik qilgan Piter Braunning aytishicha, asosan uch shtat hozir Obamani qo’llab quvvatlayapti.

“Agar saylov bugun o’tkazilganda prezident Obama Florida, Ogayo va Pensilvaniyada yutib chiqqan bo’lardi va ko’p ehtimol bilan qayta saylanardi. 1960-yildan beri ushbu shtatlarning ikkitasida g’olib chiqmasdan turib hech bir prezident qayta saylana olmagan. Bugun prezident shu shtatlarning barchasida oldinda boryapti”, - deydi Braun.

Obama o’z saylov kampaniyasida Romnining siyosiy va biznes faoliyatini nishonga olmoqda. Mahalliy telekanallarda ketayotgan reklamalarda Romni xasis va yolg’onchi sifatida tasvirlanadi.

Tadqiqotchi Piter Braunning aytishicha, yuqorida tilga olingan uch shtatda prezident telereklamalarga ko’p mablag’ sarflayapti va bu o’z samarasini bermoqda.

“Telekanallar muhim. Reklamalar odamlarga tez ta’sir qiladi. Prezidentning oldinda borayotgani sabablaridan biri ham shunda”, - deydi u.

Romni ham Obamani tanqid qiluvchi videoroliklarni tarqatish uchun millionlab dollar sarflamoqda. Tahlilchilar fikricha, saylov uchun mablag’ yig’ishda respublikachilar demokratlarni ortda qolishi mumkin. Bu narsa har ikki tomonni bir-biriga qarshi salbiy kampaniyalarni kuchaytirishga majburlaydi, deydi ular.

Braun fikricha, saylovda hanuz iqtisodiyot eng muhim masala. Obama bu borada asosiy e’tiborini o’zi va Romni o’rtasidagi katta farqqa qaratmoqda.

“Prezident Obamaning kim ekanini hamma biladi. Deyarli har bir amerikalik, salbiymi, ijobiymi, prezident haqida o’z fikriga ega. Mit Romni masalasi esa butunlay boshqacha. Ko’plab saylovchilar, hatto uni yoqlab yoki unga qarshi ovoz berish bo’yicha bir qarorga kelgan saylovchilar ham uning kimligini to’liq bilmaydi. Shuning uchun u va Obama qilayotgan ish bitta – Romnining kimligini amerikalik saylovchiga tushuntirish”, - deydi Braun.

Braun o’tkazgan so’rovga ko’ra, Obamani to’rt yil oldin saylagan aholining katta qismi, jumladan, ayollar, afro-amerikaliklar, yoshlar va ispan tilida so’zlashuvchilar, hanuz amaldagi prezidentni qo’llab quvvatlaydi. Romni ortida esa respublikachilarning sodiq saylovchilari turibdi. Romni mustaqil saylovchilar ovozini yutishga ham harakat qilmoqda.

Siyosiy tahlilchi Larri Sabato deydiki, lotin amerikalik, qisqacha latinolar deb tanilgan jamoa Obama g’alabasini belgilaydi. Mamlakatda 12 millionga yaqin noqonuniy muhojir bo’lsa, ularning aksariyati latinolar. Yaqinda Obama qabul qilgan qarorga ko’ra, hujjatsiz immigrantlardan tug’ilgan bolalar va yoshligida bu yerga olib kelingan muhojirlar deportatsiya qilinmaydi. Bu bilan Obama latinolar ko’nglini ovlamoqda, deydi siyosatdonlar.

Ommaviy so’rovlarda prezident Obamani sergak tortishga undaydigan yangiliklar ham bor. Prezidentning iqtisodiy siyosatidan norozilar ko’p.

Tadqiqotchi Piter Braun nazarida hozir ko’pchilik Obamani qo’llab-quvvatlayotgan bo’lsa ham, saylovgacha bir necha oy bor va bu vaqt ichida Mitt Romni vaziyatni o’z foydasiga o’zgartirishi mumkin.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG