Mamadali Mahmudoving ozod etilgani faollarda umid uyg'otmoqda


Mamadali Mahmudov

Mamadali Mahmudov

O’zbekistonda 1999-yildan beri qamoqda saqlangan Mamadali Mahmudov shu hafta ozodlikka chiqdi. Evril Turon taxallusi bilan tanish 73 yoshli adib konstitutsion tuzumga tajovuz qilish va boshqa bir qator ayblovlar bilan 14 yilga ozodlikdan mahrum etilgan edi. Joriy yil 16-fevralida Mahmudovning qamoq muddati tugab, ozodlikka chiqishi kutilgan edi, biroq Toshkent viloyati G'azalkent tumani sudining 8-aprelda o'tgan mahkamasida adib qamoqxona tartibini buzganlikda aybdor deb topilib, yangi uch yillik qamoq jazosiga mahkum etilgan. Ammo hukm apellyatsiya qilinib, yozuvchi kutilmaganda 19-aprel kuni ozod etildi.


1999-yildan beri panjara ortida yashagan keksa yozuvchi 19-aprel kuni kechki payt kutilmaganda o`z uyiga kirib kelgan. Bu tashrif nafaqat yozuvchining oila a`zolari, balki jamoatchilik vakillari uchun ham katta xursandchilikka aylangan.

“Kecha Mamadali akaning xotiniga telefon qilib, gaplashib turgan edim. Birdaniga qiy-chuv ko`tarildi, Mamadali aka kelganini eshitdim. Albatta, darrov yetib bordim. Soat sakkiz yarimlar edi, chamasi. Bordim, ko`rishdim, 10 minutlar o`tirdim gaplashib. Uydagilar, hamma xursand”, - deydi inson huquqlari himoyachisi Dilorom Is'hoqova.

Mamdali Mahmudov 1999-yil Toshkentdagi portlashlarni uyushtirganlikda ayblanib, 14 yil qamoq jazosiga hukm qilingan edi. Yozuvchiga nisbatan belgilanagan jazo muddati shu yilning fevral oyida tugagan, biroq ichki tartiblarni buzganlik aybi bilan uning qamoq muddati yana uch yilga uzaytirilgan edi.

Hozirda yozuvchining qamoqxonadan qanday ozod qilingani tafsilotlari aniq emas. Biroq O`zbekiston qamoqxonasida 14 yillik jazo muddatini o`tagan 73 yoshli yozuvchining sog`lig`i yomon ekani aytiladi. Ayniqsa, qamoxonadagi so`nggi yillar yozuvchi salomatligiga jiddiy putur yetgan.

“Sog`lig`i yaxshi emas, asosiysi, buyo`giga ozodlikda, endi bemalol shifokorlarga ko`rinib yaxshilab davolanishi mumkin bo`ladi. Xudo xohlasa, buyog`i yaxshi bo`ladi”, - deydi Dilorom Is'hoqova.

Mamadali Mahmudov o`zbek o`quvchilariga Evril Turon taxallusi ostida yozilgan nasriy asarlari bilan yaxshi tanish. U o`quvchilar orasida mashhur bo`lgan “O`lmas qoyalar” asari uchun Cho`lpon mukofoti bilan taqdirlangan edi. “O`lmas qoyalar” milliy ozodlik harakati mavzusini zamonaviy o`zbek nasriga olib chiqqan dastlabki asarlardan hisoblanadi.

Evril Turon qamoqda ham o`z faoliyatini davom ettirgan faollardan biri. Yozuvchining jazoni o`tash muassasalaridagi vaziyat, qiynoqlarning munatazamligi haqida yozgan maktublari jamoatchilikni larzaga solgan edi. Keyinchalik uning qamoqxonada ijodiy faoliyatini davom ettirishga bo`lgan urinishi ham keskin tazyiqlarga uchradi.

O`zbek jamoatchiligining yetakchi vakillaridan biri, millatparvar yozuvchi sifatida tanilgan Mamadali Mahmudovning ozod etilishi inson huquqlari faollarida O'zbekistonda vaziyat yaxshilanishiga umid uyg`otgan.
  • 16x9 Image

    Malik Mansur

    Malik Mansur Toshkent Davlat Universitetini (hozirda O'zbekiston Milliy Universiteti) bitirgan. Professional jurnalist. Bu sohada 1990-yilardan beri ishlab keladi. O'zbekistonda qator nashrlarda faoliyat yuritgan. "Amerika Ovozi bilan 2002-yildan buyon hamkorlik qilib keladi. Vatandagi siyosat, iqtisod va ijtimoiy hayotni yoritadi.
     

XS
SM
MD
LG