Misrda hibsga olingan jurnalistlar ozod etilsin, deydi hamkasblari

  • Amerika Ovozi

Faollar Misrda bir necha muxbir hibsga olingani va terrorchilikda ayblanayotgani yuzasidan norozilik bildirmoqda. Hibsda saqlanayotgan Kanada, Avstraliya va Misrlik jurnalistlarni qo’llab, G’arb mamlakatlarida yuzlab odamlar ko’chalarga chiqdi. G’azo sektori, Mavritaniya va Yamanda ham ana shunday namoyishlar bo’lib o’tgan. AQSh hukumati esa Misr rahbariyatini jurnalistlarni ozod etishga chaqirdi.

Misr va Kanada fuqaroligiga ega Muhammad Fahmiy, avstraliyalik Piter Greste va misrlik Bohir Muhammad 29-dekabr kuni “Al-Jazira” telekanali uchun Qohiradagi namoyishlarni yoritayotgan paytda hibsga olingan. Misr rahbariyati ularni terror tashkilotiga ko’maklashganda ayblamoqda. Jurnalistlar esa buni so’z erkinligiga qarshi qaratilgan hujum, deydi.

“Bu uch kishiga emas, balki butun matbuotga qarshi qaratilgan hujum. Vaholanki, jurnalistika jinoyat emas,” – deydi “Al-Jazira” telekanalining avstraliyalik muxbiri Endryu Tomas.

Misr rasmiylari jurnalistlarning hibsga olinishini Musulmon birodarlar partiyasiga qarshi olib borilgan reyd doirasida amalga oshganini aytmoqda. Islomiy guruh tarafdorlari hokimiyatdan ag’darilgan Muhammad Mursiyni himoya qilib, ommaviy namoyishlar uyushtirgan. Hukumat esa ularni xavfsizlik kuchlari yordamida bostirgan.

Turkiya matbuoti vakili Namik Kojakka ko’ra, jurnalistlarni tahdid sifatida ko’ruvchi hukumatlar ko’p.

“Jurnalistlar bir tarafni qo’llayapti, deb o’ylashadi. Aslida bunday emas. Biz odamlarga yangilik, betaraf xabar tarqatish yo’lida xizmat qilamiz. Bu ma’noda jurnalistika, albatta, xavfli. Ular o’z hayoti, salomatligini tahdid ostiga qo’yadi”, - deydi u.

“Al-Jazira” telekanali hibsdagi muxbirlarini ozod etish yo’lida xalqaro hamjamiyatdan yordam so’radi. Kompaniya rahbari Usama Al-Saidning aytishicha, ko’plab davlatlar chaqiriqqa labbay deb javob bergan.

“Bir necha hafta davomida dunyo mamlakatlarida ommaviy namoyishlar bo’lib o’tdi. Misr hukumatiga muxbirlarni ozod eting, degan da’vatlar yangramoqda. Mana bugun ham shunday namoyish bor, 30 dan ziyod mamlakatda”, - deydi Al-Said.

AQSh ham jurnalistlarning ozod qilinishi tarafdori. Oq uy matbuot kotibi Jey Karni Misrdagi voqealardan Vashington xavotirda ekanini izhor qildi.

“Misrda so’z erkinligi cheklanayotganidan va matbout siquvga olinayotganidan chuqur xavotir bildiramiz. Hukumatning jurnalistlar va boshqalarni tasdiqlanmagan gumonlarga asoslanib nishonga olishi noto’g’ri. Bu inson huquqlarining jiddiy toptalishidir. Barcha jurnalistlar, qaysi gazeta yoki televideniyeda ishlashidan qat’i nazar, zo’ravonlik, tazyiq va siyosiy ta’qib qurboni bo’lmasligi kerak”, - deydi Oq uy rasmiysi.

Inson huquqlarini himoya qilish bilan shug’ullanuvchi tashkilotlar ma’lumotiga ko’ra, jurnalistika dunyodagi eng xavfli kasblardan biridir. Jurnalistlarni himoya qilish qo’mitasi o’tgan yili kamida 70 muxbir qurolli mojarolarda, asosan, Suriyada halok bo’lganini aytadi. Yana ko’plab muxbirlar inson huquqlari va siyosat haqida yozgani uchun tazqiylarga uchragan, qamalgan, qiynoqqa solingan va hatto o’ldirilgan.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG