Afg’onistondan qaytayotgan askarlar vatanida urush qahramonlari

  • Amerika Ovozi

Prezident Barak Obama serjant Kayl Vaytni mamlakatning eng yuksak harbiy unvoni bilan taqdirladi

Prezident Barak Obama serjant Kayl Vaytni mamlakatning eng yuksak harbiy unvoni bilan taqdirladi

Yil oxiriga borib, Amerikaning Afg’onistonda deyarli biror askari qolmaydi. U yerdagi maqsadlarga qanchalik erishildi yoki erishilmadi, bu boshqa masala, lekin minglab zobitlar vatanga qaytar ekan, ularni qahramondek kutib olishmoqda. Davlat ularning xizmatidan minnatdor.

Prezident Barak Obama serjant Kayl Vaytni mamlakatning eng yuksak harbiy unvoni bilan taqdirladi.

“Xalqimiz sizdek o’g’lonlaridan faxrlanadi, sizdan ibrat oladi”,- dedi u.

AQSh rahbari Kayl Vayt va safdoshlarini jasorat va mardlik timsoli deya maqtadi.

“Nyu-Yorkda egizak imoratlar qulaganida Vayt maktabda o’qib yurgan yosh yigit edi. Besh yil o’tib, u dong’i ketgan 173-harbiy batalyon safiga qo’shilgan”.

Safdoshlariga ko’ra, Vayt juda kamtar inson. Oq uydagi marosimda u do’stlariga rahmat aytdi.

“Do’stlarim yonimda bo’lmasa topshiriqni bajarolmasdik. Unvonni ularga bag’ishlayman”,- deydi Vayt.

Qo’li va oyoqlari qattiq jarohatlangan harbiy mutaxassis Keyn Shiling Vayt uning hayotini saqlab qolganini aytadi.

“U doimo o’rnimda boshqa odam bo’lsa, xuddi shunday qilgan bo’lardi, deb aytadi”.

Kayl Vaytni qahramon qilgan voqea Afg’oniston sharqidagi Nuriston viloyatida, Aranas qishlog’ida ro’y bergan.

2007-yilning 9-noyabr kuni bir guruh amerikalik zobitlar afg’on oqsoqollari bilan uchrashib, to’g’li bir hududdan bazaga qaytayotgan bo’lgan. Birdaniga otishma boshlanib ketadi.
Kayl Vayt va Keyn Shilling, shuningdek, serjant Filip Boks, vzvod komandiri leytenant Metyu Ferrara va ularning tarjimoni g’ala-g’ovurda boshqalardan ajralib qoladi.

Vayt darhol o’t ochadi. Do’stining yarasini davolay turib, o’zi ham lat yeganiga qaramay yana ikkisini qutqarishga harakat qiladi.

“Har tomonga o’q yog’ayotgan bo’lsa-da, yotgan joyimdan Kayl yugurib-yelayotganini ko’rdim. Uning formasi, radiosi va hatto miltig’iga o’q tegdi”,- deydi Shilling.

Askar boshqa radio topib, bazaga xabar beradi va bir necha soatdan keyin yordam yetib keladi.

Kaylning qo’lida braslet… unda halok bo’lgan do’stlarining ismlari bosilgan.

Ular ham men uchun jonini bergan bo’lardi, deya ishonch bilan gapiradi u.

“Bunday vaziyatda o’ylab o’tirishga vaqt yo’q. Safdoshim yaralangan bo’lsayu, men qarab turamanmi?”- deydi Vayt.

O’sha kuni jami 6 askar halok bo’ldi. Vayt bo’lmaganda bu raqam ancha yuqori bo’lardi, deydi harbiylar.

Vayt bugun 27 yoshda. Bank-moliya sohasida ishlaydi. Urushdan ruhiy xastalik bilan qaytdi. O’sha mash’um kunlarni unutish uchun muolaja oldi.

“Ko’zimni yumgan zahoti o’sha dahshatli manzara yodimga tushadi”,- deydi Vayt.

Uyga qaytganim bir mo’jiza, lekin ayrim safdoshlarim urush maydonida qolib ketdi, deydi u.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG