"Amerika jannat emas, imkoniyatlar diyori, ishlash kerak"

  • Amerika Ovozi

Xyuton, Texas shtati

Xyuton, Texas shtati

Qo’shma Shtatlar xorijdan eng ko’p qochqin qabul qiladigan davlat. Ularning aksariyati Texas shtatida joylashadi, xususan Xyuston shahrida. Xyuston shu tariqa Amerikada eng ko’p qochqin yashaydigan maskan. Mahalliy iqtisod va iqlim bu insonlarga ma’qul.

Turkmanistonlik Shahriyor ismli qochqin o’zbeklar bilan yonma-yon katta bo’lgan ekan.

"Yuribmiz shu yerda kun ko’rib, mehnat qilib, yangi yurtdagi sharoitga ko’nikib",- deydi u.

Yaqinda Xyustonda Jahon qochqinlari kuni nishonlandi. Har yili keng miqyosda tantana qilinadi bu ayyom.

70 ming qochqin yashaydi bu yerda. 78 davlatdan. Har yili ularning soni taqriban ikki mingga oshadi.

Iqtisod barqaror, ish bor, sharoit va turmush har jihatdan yangi kelganlar talabiga javob beradi.

Vyetnamliklar muhojirlar orasida ko’pchilik. 1970-yillarda kela boshlagan. Oqim hamon tinmagan.

Ayrimlar ortda qolgan yurt haqida uncha gapirgisi kelmaydi. Salbiy xotiralar.

“Onam vyetnamlik lekin o’zim u yerda deyarli yashamaganman. Shuning uchun juda kam bilaman. Faqat hikoyalar orqali tanish”,- deydi sakkiz yoshli qizaloq.

Rizo va uning oilasi Erondan ekan, bahaylar, u yerda yasholmagan.

"Eronda so’z va fikr erkinligi yo’q. Erkin e’tiqod haqida gapirmasa ham bo’ladi”,- deydi u.

Muhojirlarga muntazam yordam ko’rsatadigan idora va tashkilotlar bor, ular ichida eng ko’zga ko’ringani - YMCA International Services.

Muassasa xodimi Eymi Bloz maqsad yangi kelganlarni qo’llab yuborish, ularga yordam ko’rsatish, deydi.

“Har bir oilaga bir odam tayinlaymiz. O’sha mutaxassis ularga har jihatdan yordam ko’rsatadi. Muddao shuki, bu odamlar o’z yo’lini topib ketsin, mustaqil yashay olsin”,- deydi Bloz.

Bugun Eymi Rajabu Silimani degan qochqinga qarashayapti. U notinch Kongodan ekan.

“Urush oilalarimizni barbod qildi. Har tarafga qochdik. Hayot uchun kurash ekan bu”.

Tashkilot unga turar joy topib berdi. Boshqa bir muhojir bilan yashaydi. Har ikkisiga ish ham topib berishdi. Lekin uni eplab ketish bu insonlarning o’z zimmasida. Yordam doimiy emas.

"Amerikaliklar juda bag’rikeng, saxiy insonlar ekan”,- deydi Rajabu.

Eymi Blozning kuzatishicha, kasb-hunarli odamlar uncha qiynalmaydi. Ularga ish topish osonroq. Yuqori malakali, o’qimishli muhojirlar esa u qadar moslashuvchan emas.

“Hamma narsani noldan boshlaysiz. Vatanda muhandis bo’lgan odam bu yerda supermarketda sotuvchi. Diplom har doim ham o’tmaydi”.

Mahalliy oliygohlar muhojirlarning diplomlarini akreditatsiya qilishda yordam berishi mumkin biroq til o'rganish, boshqalar bilan raqobatlasha olish o’ziga xos mashaqqat.

Lekin qochqinlar ko’p hollarda sabr-toqatli, kuchli insonlar.

“Afrikada hamma Amerika jannat deydi. Menimcha, bu yer jannatmas, imkoniyatlar diyori, ishlash kerak”.

Yangi hayotidan mamnun insonlar nazarida Xyuston non shahri. Mehnat qilib, uning rohatini ko’rish mumkin, deydi ular.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG