Breaking News

Jurnalistlar: O'zbekistonda mavjud tuzum so'z, matbuot va fikr erkinligiga yo'l bermaydi


Toshkent
Toshkent

"Freedom House" (Ozodlik uyi) tashkilotining matbuot erkinligiga doir hisobotiga ko'ra, O'zbekiston so'z erkinligi keskin bo'g'ilgan o'n davlatdan biri. Mamlakatda mustaqil matbuot yo'q, axborot organlari qattiq senzura ostida, o'zgacha fikrlovchilar ta'qib qilinadi. Ammo hukumat ommaviy axborot vositalari soni 1400 tadan oshganiga urg'u berib, internet nashrlar ko'paymoqda, deya ta'kidlab keladi. Biroq bu vositalar xalqni qiynayotgan muammolar, ijtimoiy va siyosiy vaziyatni yoritmaydi.

Jurnalistlar: O'zbekistonda mavjud tuzum so'z, matbuot va fikr erkinligiga yo'l bermaydi
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:05:28 0:00

O'zbekiston Fuqarolik jamiyatini shakllantirish mustaqil instituti hisobicha, OAV soni bir yarimga yetib qolgan. Ularning ko'payishi asosan internet nashrlar bilan bog'liq. Internet axborot vositasi sifatida ro'yxatga olingan 300 dan oshiq nashrning 95 foizi nodavlat tashkilot maqomiga ega.

Jurnalistlarga ko'ra O'zbekistonda OAV soni shiddat bilan o'sayotgani matbuot erkinligidan darak bermaydi. Mavjud nashrlar jahondagi, qo'shni davlatlardagi taranglikni, mojarolarni muhokama qilishi mumkin, ammo O'zbekistondagi muammolar, siyosiy ijtimoiy vaziyat mavzusi yopiq. Bu taqiqni biroz bo'lsada buzishga jur'at etgan jurnalistlar esa tazyiqqa uchraydi yoki ishdan bo'shatiladi.

O'tgan yili ish boshlagan “Anhor.uz” ayrim ijtimoiy muammolarni ko'tarib chiqayotgan edi. Bu nashrda ijtimoiy-siyosiy vaziyatga doir sharhlarini yozib kelgan jurnalist Yuriy Chernogayev yaqinda chetlatilgan.

Siyosiy aloqalar, xavfsizlik, iqtisodiy yo'nalishda yozuvchi jurnalist yurt boyligi sanalgan paxtaning bugun kelib faqat xos doiralarga tegishli biznesga aylangani haqidagi maqolasi bilan ham tanish.

Chernogayev deydiki, so'nggi paytda mamlakatda so'z erkinligi jonlanmoqda deya ko'rsatishga urinishdi, ammo internet nashrlarda nisbatan erkinroq qarashlarning o'ziyoq kimlardadir keskin xavotir uyg'otdi.

“Bilasizmi, men bu voqeani tafsilotlariga to'xtalmoqchi emasman, zotan tafsilotlarga to'xtalishning o'ziyoq mening vaziyatimni yanada o'g'irlashtirishi mumkin. Vaziyat shu darajaga olib kelindiki, meni bu nashrda chop etilishim mumkin emas... Nega bundayligiga hamma ajablanayapti, ammo shu bilan bir qatorda nega bundayligi hammaga yaxshi tushunarli”, - deydi Chernogayev.

O'zbekistonda so'z erkinligiga doir vaziyat o'zgarishsiz qolmoqda.

Nashr etilishi taqiqlangan jurnalistlar o'z imkoniyatlarini boshqa sohalardan qidirishga majbur bo'lsa, bosim ostiga olinganlar mamlakatni tark etishda davom etmoqda.

Ammo xorijda ham o'z faoliyatini davom ettirayotgan jurnlalistlar hukumat bosimidan xoli emas. Yaqinda Andijon viloyati Jalolquduq tunam prokuraturasi Norvegiyada siyosiy qochqinlikda yashayotgan jurnalast va faol Ulug'bek Bakirovni uy-joyidan foydalanish huquqidan mahrum qilish bo'yicha sud ishi qo'zg'atdi.

Xorijdagi o'zbek faollari tomonidan tashkil qilingan Virtual saylov komissiyasida matbuot kotibi sifatida faoliyat yuritgan Bakirovning o'zi bu ish sababini kasbiy faoliyati bilan bog'laydi.

Ulug'bek Bakirov fikricha, diktatura mavjud ekan, so'z erkinligiga umid yo'q.

“Agar matbuot ochiq bo'ladigan bo'lsa, sekin-asta amaldagi rejim, diktatura yo'qolishi mumkin. Chunki, diktaturaga sharoit matbyuotsiz, yopiq jamiyatlarda yaratiladi. Ochiq jamiyatda esa muammolar matbuot orqali yuzaga chiqadi. Prezidentdan tortib, maktab direktorining faoliyatigacha matbuotda yoritish imkoniyati boladi. Fuqarolar, xalq ularning faoliyatidan xabardor bo'lib turadi. O'zbekistonda so'z erkinligi bo'g'ilayotganinin asosiy sababi shu. Hukumat nazdidan boshqacha, muxolif qarashdagi fikrlar uchun o'zbek matbuotida o'rin y'oq”, - deydi jurnalist.

Jurnalist Sid Yanishev ayni paytda O'zbekistondagi oz sonli mustaqil jurnalistlardan. Hozirga kelib uning maqolalarini chop etuvchi axborot vositasining o'zi qolmagan.

“Men ayb faqat OAV va jurnalistlarda deb o'ylamayman. Bu tuzumga bog'liq narsa. Tuzum kuchayishi barobarida so'z erkinligi ham butunlay yo'qolib bormoqda. Nafaqat so'z erkinligi, balki boshqa sohalardagi vaziyat ham shunga yaqin. Xullas, tuzum o'zgarmas ekan, hech narsa bo'lmaydi. Tuzum qanday qilib qachon o'zgarishi mumkin? Buni bilmayman”, - deydi Sid Yanishev.

Matbuot erkinligi yuzasidan e'lon qilinayotgan xalqaro hisobotlarda O'zbekiston muqarrar vaziyat o'ta og'ir bo'lgan davlatlar qatoridan joy olib keladi, hozirgacha hukumat bu hisobotlarga nisbatan biror rasmiy munosabat bildirmagan.

  • 16x9 Image

    Malik Mansur

    Malik Mansur Toshkent Davlat Universitetini (hozirda O'zbekiston Milliy Universiteti) bitirgan. Professional jurnalist. Bu sohada 1990-yilardan beri ishlab keladi. O'zbekistonda qator nashrlarda faoliyat yuritgan. "Amerika Ovozi bilan 2002-yildan buyon hamkorlik qilib keladi. Vatandagi siyosat, iqtisod va ijtimoiy hayotni yoritadi.
     

XS
SM
MD
LG