Janubiy Sudan sulhni ikki haftadan so'ng imzolashi mumkin

  • Amerika Ovozi

Muzokara paytida

Muzokara paytida

Janubiy Sudan hukumati isyonchilar bilan kecha tinchlik bitimi nega imzolanmaganini izohlar ekan, hujjatni o'rganib chiqish uchun qo'shimcha ikki hafta kerakligini ma'lum qildi. Axborot vaziri Maykl Makoyning aytishicha, masala xalq muhokamasiga olib chiqiladi.

Tashqi ishlar vaziri Barnaba Marial Benjaminga ko'ra, hukumat bugun nodavlat tashkilotlar, siyosiy partiyalar va boshqa guruhlar bilan uchrashib, shu mavzuda gaplashadi. Vazirning aytishicha, vositachilar Janubiy Sudan tavsiya qilgan o'zgarishlarni kiritmagani uchun Prezident Salva Kiir bitimni imzolamadi.

Vositachi rolini bajarayotgan Qo'shma Shtatlar noroziligini yashirmadi. AQSh Milliy xavfsizlik maslahatchisi Syuzan Raysning aytishicha, agar bitim 15 kun ichida imzolanmasa, BMT Xavfsizlik Kengashida Janubiy Sudan hukumatiga qarshi sanksiyalar ko'rib chiqiladi.

Isyonchilarga qo'shilmagan muxolif guruhlar ham hukumatdan bitimni imkon qadar tezroq imzolashni so'ramoqda.

Isyonchilar rahbari, sobiq Vitse-prezident Rik Machar hujjatga kecha Efiopiya poytaxti Addis-Abebada imzo chekdi. Hujjat 20 oydan beri davom etayotgan fuqarolar urushiga chek qo'yishni ko'zlaydi.

Janubiy Sudan prezidenti Twitter orqali "rioya qilinmaydigan tinchlik bitimini imzolashdan foyda yo'q" deb yozdi.

"Hujjat bugun imzolanib, ertaga yana urush boshlansa, bunday bitimdan nima naf", - deydi Kiir.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG