"Tolibon" rahbariyatida bo'linish yo'qligini ta'kidlamoqda

  • Amerika Ovozi

Mulla Axtar Mansur - Tolibonning yangi rahbari

Mulla Axtar Mansur - Tolibonning yangi rahbari

Afg'on "Tolibon"ining yetakchi a'zolari rahbarlikni talashmoqda. Guruhning ko'p yillik sardori Mulla Umarning o'limi haqida xabarlar tarqalganidan so'ng tayinlangan yangi raisning nomzodi hammaga ham ma'qul kelmayapti. Maxfiy muhokamalar Pokistonda o'tkazilmoqda, deya xabar beradi Islomoboddan "Amerika Ovozi" muxbiri Ayoz Gul.

Tolibon so'zlovchisi Zabihulla Mujohidning "Amerika Ovozi"ga ma'lum qilishicha, harakat oqsoqollari va diniy ulamosi bir necha kundan beri shu mavzuda muloqot qilmoqda.

“Ba'zi birodarlarimizning xavotiriga barham berish maqsadida ulamo majlis qilmoqda. Tolibon rahbariyatida bo'linish yuzaga kelgani haqidagi xabarlar haqiqatdan yiroq", - deydi Mujohid.

Mulla Umardan keyin rahbarlikka tayinlangan Mulla Axtar Mansur mavqeini saqlab qolishga harakat qilmoqda, ammo Tolibonning ba'zi qo'mondonlari va marhum mullaning yaqinlari Axtar Mansur ulardan bemaslahat rahbarlikka tayinlanganini aytib, norozilik bildirmoqda.

Yangi raisning siyosiy masalalar bo'yicha maslahatchisi Abdulhay Mutmainning "Amerika Ovozi"ga aytishicha, ichki nizolar haqidagi xabarlar asossiz.

Unga ko'ra, Tolibon qo'mondonlari va ittifoqchi guruhlar Axtar Mansurning rahbar bo'lishiga qarshi emas, chunki u Mulla Umarning o'rinbosari bo'lgan va uning hayotligida ham siyosiy va harbiy masalalarga bosh bo'lgan.

“Sho'romizning aksariyat a'zolari Mansurni qo'llab-quvvatlab chiqdi. U so'nggi 6-7 yildan beri Tolibonning ko'p ishlari bilan shaxsan shug'ullangan. Rahbarlikka undan yaxshi nomzod yo'q”, - dedi Mutmain.

Uning aytishicha, harakat yaqin kelajakda Afg'oniston hukumati bilan muzokaraga kirishmoqchi emas. Sal oldinroq Mansur ham shu haqda gapirgan edi.

"Xorijiy qo'shinlar va afg'on hukumatiga qarshi kurashimizni davom ettiramiz", - degan edi u.

Yevropa Ittifoqining Afg'oniston bo'yicha maxsus vakili Frans-Maykl Mellbin tinchlik muzokaralari istiqboli bo'yicha xavotir bildirdi.

“Mansur rahbarlikda qoladimi, jangarilarni birlashtira oladimi, muzokara stoliga qaytib, uzilib qolgan muloqotni davom ettira oladimi - mana shu savollarga javob olishni istaymiz", - deydi Mellbin.

Tolibon va Afg'oniston hukumati o'rtasidagi muzokaralarga qo'shni Pokiston vositachilik qilgan. Tomonlar 7-iyul kuni so'nggi 14 yilda ilk bor yuzma-yuz gaplashgan. Biroq Mulla Umarning o'limi haqida xabarlar tarqalgach, muloqot birinchi davradan nariga o'tmadi.

Mansur boshliq bo'lganidan so'ng esa poytaxt Kobulda qator xurujlar sodir etilib, 400 dan ziyod odam nobud bo'ldi. Tolibon portlashlar uning ishi ekanini bildirdi.

Zo'ravonliklardan g'azablangan Prezident Ashraf G'ani Pokistonni jangarilar faoliyatiga to'siq qo'ymayotganlikda aybladi. Unga ko'ra, toliblar xurujlarni Pokistonda rejalab, so'ng chegaradan o'tib, Afg'onistonga hujum qilmoqda. Islomobod ayblovlarni rad etdi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG