Obama Denali tog'i uchun tanqidga uchradi

  • Amerika Ovozi

Alyaskadagi Makkinli cho'qqisi Shimoliy Amerikadagi eng baland nuqta

Alyaskadagi Makkinli cho'qqisi Shimoliy Amerikadagi eng baland nuqta

AQSh Prezidenti Barak Obama Alyaska shtatidagi Makkinli cho’qqisi nomini o’zgartirgani uchun Ogayo qonunchilari tanqidiga uchrashi mumkin. Shimoliy Amerikadagi eng baland tog’ bundan buyon Denali deb ataladi.

Oq uy bayonotida Denali Alyaskaning tub aholisi uchun muqaddas joy va uning eski nomini qaytarish buni e’tirof etish ekani aytiladi. Obama dushanba kuni Alyaskaga uch kunlik safarini boshladi. Tashrif chog'ida u iqlim o’zgarishiga e’tibor qaratmoqchi.

Ogayoda yashagan va oltin izlash ishlarini yo’lga qo’ygan Uilyam Makkinli 1896-yilda prezidentlikka Respublikachilar partiyasidan nomzod etib tanlanganidan so’ng cho’qqiga uning nomi berilgan edi.

Ogayodan Vakillar palatasi a’zosi, spiker Jon Beyner Prezident Obama qaroridan norozi ekanini bildirdi.

"Shimoliy Amerikadagi eng baland cho’qqi 100 yildan ko’proq vaqt mobaynida Prezident Makkinli nomi bilan atab kelinganining sababi bor. Bu uning ulkan merosi e’tirofidir, - dedi Beyner. – Makkinli Fuqarolar urushida armiya saflaridagi xizmati bilan o’zini ko’rsatgan… AQShning 25-prezidenti sifatida Ispan-Amerika urushida mamlakatimizni farovonlik va g’alaba sari yetaklagan”.

Ichki ishlar vaziri Salli Juel esa Makkinli mashhur ogayolik bo’lsa-da, "Alyaska tog’iga bormagan, u o’lka bilan hech qanday tarixiy rishtalari yo’q”, deb aytdi.

Alyaskaning tub aholisi cho’qqini azaldan Denali deb ataydi. Mahalliy aholining atabaskan tilida bu "buyuk" yoki "baland"ni anglatadi. 1975-yilda Alyaska shtati Denali nomini rasmiylashtirgan va federal hukumatdan ayni qaror qabul qilishni talab qilsa-da, ammo ogayolik qonunchilar bunga qarshi chiqib kelgan edi.

"Bugun biz tog’ni Denali deya rasman e’tirof etmoqdamiz. Men Prezidentga bu ahamiyatli o’zgarishni boshqargani va Alyaskaning atabaskan ahliga shuhrat, ehtirom va minnatdorchilik izhor etgani uchun tashakkur etmoqchiman”, - dedi Alyaska shtati gubernatori Liza Murkovski.

Tog’ dengiz sathidan qariyb 6000 metr baland bo’lib, 2 million gektarga teng va federal hukumatga tegishli Denali milliy parki va qo’riqxonasida joylashgan.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG