Vengriya vizasiz migrantlarni G'arbiy Yevropaga chiqarishni to'xtatdi

  • Amerika Ovozi

Vengriya politsiyasi suriyalik muhojirlar bilan yuzlashmoqda

Vengriya politsiyasi suriyalik muhojirlar bilan yuzlashmoqda

Janubiy Osiyo, Yaqin Sharq va Afrikadan noqonuniy ravishda G'arbiy Yevropaga yo'l olayotgan ikki ming migrant Vengriya poytaxti Budapeshtda turib qolgan - ularni Yevropa Ittifoqi vizasisiz Germaniya va Avstriyaga kiritmaslikka ko'rsatma berilgan.

Budapesht temiryo'l vokzalidan haftalab ketolmayotgan muhojirlarga dushanba kuni yo'lga chiqishga ruxsat berilib, bir necha yuz odam Germaniyagacha yetib borgan. Biroq kecha ularni vizasiz chiqarmaslikka qaror qilindi. Bir necha ming odam vokzaldan haydaldi.

Joriy yilda Yevropaga 156 mingdan ziyod migrant keldi. Aksariyati Suriya, Afg'oniston, Eritreya va Nigeriyadan. Vengriya mulozimlarining tushuntirishicha, Yevropa Ittifoqi qoidalariga ko'ra, tashkilotga a'zo mamlakatga kirgan migrantlar boshpana so'rashi lozim. Busiz ularni Avstriya yoki Germaniyaga o'tkazish taqiqlangan.

Biroq mojaro, zulm va zo'ravonliklardan qochgan odamlarning ba'zilarida na hujjat, na poyezdga bilet sotib olish uchun pul bor.

Germaniya suriyaliklardan qochqin maqomiga ariza olishga roziligini bildirdi.

Britaniya va Fransiya o'rtasida qatnaydigan Yevrostar poyezdlari tunda yo'lda bir necha bor to'xtagan. Noqonuniy migrantlar relslarni to'sgani aytilmoqda.

14-sentabr kuni Yevropa Ittifoqi shu masala yuzasidan favqulodda majlis o'tkazadi.

Vengriya migrantlarni mamlakatga qo'ymaslik uchun Serbiya bilan chegarada to'rt metrlik to'siq qurmoqda. Chegaraga 3500 askarni yuborish ko'zda tutilmoqda.

Avstriya rasmiylariga ko'ra, dushanba kuni Vengriyadan poyezdda 3650 muhojir Venaga kelgan.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG