Breaking News

Afrikada terrorizmga qanday omillar sabab?


Nigeriyada terror xuruji sodir etilgan joy, Abuja shahri, 3-oktabr, 2015-yil
Nigeriyada terror xuruji sodir etilgan joy, Abuja shahri, 3-oktabr, 2015-yil

Afrikada mojarolar va terrorizmga qanday omillar sabab? Bu tahdidlarni tushirish uchun qit'a rahbarlari nima qilishi kerak? Afrikadagi yirik tahlil markazlaridan birining yangi hisobotida ana shu masalalar ko'rildi. Ba'zi xulosalarni kutilmagan desa ham bo'ladi.

Afrikada terrorizm va ekstremizmning kuchayishiga qator qudratli omillar sabab, deydi Janubiy Afrika poytaxti Pretoriyadagi Xavfsizlik masalalarini o'rganish institutidan Jekki Siliyers.

Uning nazarida xalqaro terrorizmning gurkirashiga asosan Amerika sababchi.

“Ataylab qilinayotgan ishmi, yo'qmi, biroq aynan AQSh va uning G'arbdagi ittifoqchilari olib borayotgan siyosat xalqaro terrorizmga turtki bermoqda. Keniya, Nigeriya va boshqa joylarda hukumat va xavfsizlik idoralarining terror xurujlariga qarshi choralari muammoni yanada chuqurlashtirdi. Qochqinlar va beqarorlikning eng katta o'choqlari bu Somali, Liviya, Suriya, Iroq va Afg'oniston. Bu mamlakatlarning har birida Qo'shma Shtatlar amaliyot o'tkazgan. Natijada, vayronagarchilik, ostin-ustun, ichki xavfsizlikning yomonlashishi, aholining yoppasiga uyidan ko'chishiga guvoh bo'ldik", - deydi Silliyers.

Tadqiqotchi Afrikada so'nggi 10 yilda terror guruhlari evolutsiyasini tahlil qilib chiqdi. Izlanish natijasi o'tgan hafta "Boko Haram" jangari guruhiga qarshi kurash maqsadida Kamerunga 300 ta askar jo'natgan AQShga ogohlantirish bo'lib xizmat qilishi kerak, deydi olim.

Biroq, deydi u, Afrikadagi hukumatlarda ham ayb bor. "Boko Haram" qashshoqlik, tengsizlik, zaif boshqaruvga norozilik shaklida Nigeriya shimolida paydo bo'ldi. Al-Shabab esa 2006-yilda Somalida mahalliy siyosiy kuch sifatida yuzaga keldi. Hozir bu guruhlar qit'adagi bir necha mamlakatlarni qaqshatmoqda.

Silliyersning aytishicha, Al-Qoida ham boshida mahalliy guruh sifatida shakllangan.

“Bu yirik guruhlar va tashqi ta'sirlar haqida gapirganimda shuni ta'kidlash kerakki, barcha terror tashkilotlari bir joydan una boshlaydi. Tarixiy munosabatlar, ba'zi guruhlarning chetlatilishi, zaif boshqaruv, aholi uchun imkoniyatlarning yetishmasligi, guruhlarning safarbarlik salohiyati, harakat sardorlari - terrorchilik tarkibida bularning barchasi mavjud. Misol uchun, Saudiya Arabistonida haddan tashqari boylik va korrupsiyaga qarshi bosh ko'targan Osama bin Laden yoki xalqaro vaziyat tufayli emas, balki mahalliy muammolar sabab qo'lga qurol olgan Afrikadagi terrorchilarni olaylik", - deydi Silliyers.

Hisobotda qit'a davlatlariga tavsiyalar ham keltiriladi. Silliyersning aytishicha, yechim osondek ko'rinsa-da, uning ijrosi o'ta murakkab. Hukumatni to'g'ri yo'lga solish, poraxo'r amaldorlardan qutulish, iqtisodiy imkoniyatlarni oshirish, ta'lim tizimi va ijtimoiy xizmatlarni yaxshilash, aholi farovonligini ko'tarish shular jumlasidan.

Mudofaa va razvedka mavzularida maqolalar chop etuvchi Amerikaning "Jane's" jurnaliga ko'ra, joriy yilning uchinchi choragida dunyoda "Islomiy davlat" jangari guruhi tomonidan amalga oshirilgan xurujlar soni 40 foizga ko'paygan. Izlanish natijasidan ma'lum bo'lishicha, iyul va sentabr oylari o'rtasida jami 1086 ta xuruj qayd etilgan. Bu kuniga 12 ta hujum demakdir.

Hisobotda "Islomiy davlat"ning Suriya, Iroq, Misr, Liviya, Yaman, Afg'oniston, Pokiston, Nigeriya, Saudiya Arabistoni, Jazoir va Shimoliy Kavkazdagi faoliyati inobatga olingan.

Ba'zi guruhlar "Islomiy davlat"ga qo'shilganini yoki sadoqat bildirganini e'lon qilgan, masalan, O'zbekiston islomiy harakati, Nigeriyadagi "Boko Haram" guruhi. Bu guruhlarning "Islomiy davlat" rahbariyati bilan aloqasi darajasi hozircha mavhum.

Hisobotda aytilishicha, so'nggi oylarda jangarilar hududining kengayishi sekinlashgan. Bunga xalqaro koalitsiyaning havo hujumlari bir sabab sifatida ko'rsatilmoqda.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG