"Islomiy davlat" Afg'onistonda mahkam o'rnashmoqda

  • Amerika Ovozi

Afg'onistonning notinch Nangarhor viloyati, Achin tumani, 28-sentabr, 2015-yil

Afg'onistonning notinch Nangarhor viloyati, Achin tumani, 28-sentabr, 2015-yil

"Islomiy davlat" jangari guruhi Afg'oniston sharqidagi Nangarhor viloyatida o'rnashib, boshqa hududlarni ham egallashga harakat qilayotgani aytiladi. Afg'on kuchlari ularni viloyatdan siqib chiqarishga urinmoqda. "Amerika Ovozi" muxbiri Oysha Tanzim viloyatning Achin tumanida bo'lib qaytdi.

"Achindagi nazorat punktini Afg'oniston hukumati va "Islomiy davlat" hududi chegarasi desa ham bo'ladi. O'tgan oy jangarilar postga hujum qilib uni ishg'ol etgan edi, biroq ikki kundan so'ng hukumat kuchlari postni qaytarib olishga muvaffaq bo'ldi", - deya xabar beradi muxbir.

Vodiy yuzlab jangarilar makoniga aylangan. "Islomiy davlat"ga qo'shilmaganlar vahshiylarcha o'ldirildi. Minglab odamlar hududdan qochishga majbur bo'ldi. Mahalliy rasmiylarga ko'ra, jangarilar territoriyasini kengaytirmoqchi.

“Ular nafaqat Achin tumani, balki Nangarhor viloyatini butunlay egallab olmoqchi. Jangarilar avval Achinga, so'ng G'ani Xel, Jalolobodga hujum qilmoqchi. Ular yaxshi qurollangan", - deydi Achin tumani hokimi Hoji G'olib Mujohid.

Xavfsizlik kuchlari jangarilar hujumini qaytarishga muvaffaq bo'ldi.

“Hozir vaziyat ancha yaxshi. Tuman xavfsiz. Armiya qo'shinlari, milliy va mahalliy politsiya kuchlari, chegarachilar shu yerda", - deydi armiya polkovnigi Muhammad Jon Daryob.

Shunga qaramay, aholi vahimada. Ularning aytishicha, "Islomiy davlat" atrofdagi tumanlarni asta-sekin egallamoqda. Hukumat ularga qarshi keng ko'lamli hujum boshlashga va'da bergan, biroq mamlakatning boshqa joylarida ham askarlarga ehtiyoj bor. Jangarilarning tog'li rayonlardagi lagerlariga hujum qilishga kuch kamlik qilyapti.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG