Eron xalqaro sanksiyalardan xoli bo'ldi

  • Amerika Ovozi

Eron Tashqi ishlar vaziri Muhammad Javod Zarif (chapda) va Atom energiyasi bo'yicha xalqaro boshqarma rahbari Yukiya Amano (markazda) Venada, 16-yanvar, 2016-yil

Eron Tashqi ishlar vaziri Muhammad Javod Zarif (chapda) va Atom energiyasi bo'yicha xalqaro boshqarma rahbari Yukiya Amano (markazda) Venada, 16-yanvar, 2016-yil

Atom energiyasi bo'yicha xalqaro boshqarma Eron yadroviy bitim shartlarini bajargani haqida rasman xulosa qilgach, Eronga qo'yilgan sanksiyalar bekor qilindi. Tehron endi xalqaro savdo faoliyatini kengaytirishi mumkin. Islomiy respublika, shuningdek, xorijiy banklarda muzlatilgan 50 milliard dollarini sarflash imkoniyatiga ega.

Sanksiyalarning bekor qilinishi Eron bilan salkam ikki yil davomida olib borilgan muzokaralar natijasidir. Eron yadro dasturi tufayli unga iqtisodiy va moliyaviy sanksiyalar qo'yilib, iqtisodiyotiga katta zarar yetgan edi.

Biroq Qo'shma Shtatlar Eronni sanksiyalarining bir qismidan ozod etmoqda, xolos. Inson huquqlarining poymol etilishi, terror guruhlarni moliyalash ayblovlari bilan joriy etilgan jazo choralari o'z o'rnida qoladi.

Shunga qaramay, Amerika kompaniyalari endi Erondan oziq-ovqat, pista, gilamlar import qilishi, Tehron esa AQShdan o'z yo'lovchi samoloyotlari uchun ehtiyot qismlar sotib olishi, Amerika kompaniyalarining xorijdagi vakolatxonalari Eron bilan biznes qilishi mumkin bo'ladi.

Yaqin orada Eronning Yevropa va Rossiya bilan ham iqtisodiy aloqalarining kuchayishi kutilmoqda.

Ikki mamlakat o'rtasida savdo bobida ba'zi imkoniyatlar jonlanishiga qaramay, deydi AQSh Davlat departamenti matbuot kotibi Mark Toner, Eronda inson huquqlarining buzilishiga ko'z yumilmaydi.

“Bir kunda hamma narsa yaxshi bo'lib ketadi deb o'ylamaslik kerak", - deydi rasmiy.

Eron ballistik raketa dasturi, sinovlari, dekabr oyida AQSh kemasi tomon raketa otgani, Eron suvlariga kirib qolgan amerikalik 10 matrosning ushlangani kabi mavzular bor, deydi Toner.

Respublikachilar partiyasidan prezidentlikka nomzodlarning ba'zilari, saylansa, Eron bilan kelishuvni bekor qilishini bildirdi. Biroq, deydi ayrim tahlilchilar, agar Tehron shartnoma talablaridan chetga chiqmay kelsa, uni bekor qilish, bunday siyosatni oqlash oson bo'lmaydi.

AQSh Davlat kotibi Jon Kerrining aytishicha, xalqaro atom boshqarmasi va yirik davlatlar Eron bitim shartlariga qanday amal qilayotganini nazorat etib boradi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG