AQShning besh shtatida prezidentlikka nomzodlarga ovoz berildi

  • Amerika Ovozi

Jon Kasich, Ogayo shtati gubernatori, Respublikachilar partiyasidan prezidentlikka da'vogar

Jon Kasich, Ogayo shtati gubernatori, Respublikachilar partiyasidan prezidentlikka da'vogar

Shanba kuni prezidentlikka da'vogar demokrat va respublikachi nomzodlar AQShning besh shtatida bellashdi. Ayni damda har bir partiyadan yagona nomzod bo'lish uchun saralash jarayoni ketmoqda.

Respublikachi da'vogarlar to'rt shtatda o'tgan saylovlarda qatnashib, Luiziana va Kentukida peshqadam Donald Tramp, Meyn va Kanzasda esa senator Ted Kruz g'olib bo'ldi. Hozir Tramp hisobida 378 ta delegat, Kruzda esa 295 ta delegat ovozlari bor.

Demokrat da'vogar senator Berni Sanders Kanzas va Nebraskada g'alaba qozondi, sobiq davlat kotibi Xillari Klintonning esa Luizianada qo'li baland keldi. Klinton hisobida 1121 ta delegat, Sandersda esa 479 ta delegat ovozlari bor.

Tramp respublikachi da'vogarlar orasida uchinchi o'rinda ketayotgan senator Marko Rubioni poygadan chiqishga chaqirdi. Partiya faollari va uning ko'zga ko'ringan a'zolari Trampni munosib nomzod sifatida ko'rmayapti, biroq tadbirkorning aytishicha, uning ishtiroki tufayli so'nggi oylarda partiya saflari kengaydi.

Yakshanba kuni respublikachi nomzodlar Puerto-Rikoda bellashadi. Seshanba kuni esa to'rt shtatda tanlov o'tkaziladi. Klinton va Sanders esa bugun Meynda, seshanba kuni esa Gavayi va Aydaxoda kuch sinashadi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG