Afg'onistonda jangarilar bilan murosa qilinishiga ishonch past


AQSh, Xitoy va Pokiston vositachligidagi muzokaralarga to’rt kun qolganda Tolibon unga qo’shilmasligini bayon etdi. Xorijiy kuchlar Afg’onistonda bor ekan, muzokara qilinmaydi, deyiladi bayonotda.

Tolibon mahbuslari ozod etilmagunga qadar va bu guruhning nomi qora ro’yxatdan olib tashlanmagunga qadar Tolibon sulhga qo’shilmasligi aniq, deydi harakat rasmiylari.

Juzijon viloyati sobiq senatori va Senat majlisining sobiq kotibi Sayid Azizullo Ulfatiy fikricha, xorijiy davlatlar xalqni aldash uchun bunday loyihalar olib bormoqda.

“Sulh muzokaralari uchun Pokiston hukumati siquvga olinsagina muzokara albatta natijali bo’ladi. Agar sulh muzokaralari urushni qishda to’xtatish va bahorda yana jang boshlash maqsadi bilan nazarda tutilgan reja bo’lsa, xalq uchun bir fojia”,- deydi sobiq senator.

Arbob nazarida, terrorist guruhlarga qarshi kurashda kuchli iroda kerak. Bunday narsa xorijiy hukumatlarda yo’q. Faqat o’z xalqini qoniqtirish, biz isyonchi guruhlarga qarshi kurashayapmiz deb ko’rsatish uchun shunday qilishadi. Ular afg’on harbiylarini himoya qilishi zarur. Sulh, muzokara uchun sarflanayotgan mablag’ni harbiylarga sarflasa, harbiylar quvvatlansa, muzokaraga ehtiyoj yo’q, deydi sobiq senator.

“Afsuski, bu o’yin ikki maqsadga qaratilgan. Birinchisi, afg’on hukumati uchun tuzumni saqlab qolish bahonasi. Ikkinchisi, O’rta Osiyo orqali Rossiyani siquvga olish”, - deydi Sayid Azizullo Ulfatiy.

Eron ham Afg’onistonga befarq emas. AQSh bu davlatga ham bosimni oshirmoqda.

Sobiq senator Ulfatiy deydiki, Daish (“Islomiy davlat”) Afg’onistonda Suriya va Iroqdagi kabi faollasha olmaydi. Buning etnik sabablari bor.

“Daish Afg’onistonni “Islomiy davlat”ga tegishli bir viloyat deb qabul qilmoqchi. 200-300 yildan beri Afg’oniston deb qabul qilingan mamlakatning Xuroson deb atalishiga jiddiy qarshiliklar bor. Birinchi bo’lib pashtunlar bunga qarshi”,- deydi Ulfatiy.

Ko’plab afg’onlar tinchlik muzokaralari natijasi AQSh va Pokiston qo’lida degan fikrga qo’shiladi.

“Afg’onistondagi barcha jarayonlar Amerikaga taalluqli. Amerika xohlamasa, sulh muzokaralari natija bermaydi. Faqat bu bilan vaqt ketadi va qurolli guruhlar quvvatlanadi”, - deydi o’zini Hojimuhammad deb tanishtirgan afg’on.

Hamid Karzay hokimiyatdagi so’nggi kunlarida Amerika Afg’onistonda tinchlik ta’minlanishiga qarshi, deb aytgan edi. Karzay bilan til topisha olmagan Vashington bu bayonotni qoralagan.

Tolibon sulh muzokaralarini rad etarkan, “Hizbi Islomiy” rahbari Gulbiddin Hikmatyor Afg’oniston hukumati bilan muloqotga tayyor.

XS
SM
MD
LG