Breaking News

Kerri Afrikada terrorga qarshi kurash haqida gaplashmoqda


AQSh Davlat kotibi Jon Kerri Keniya Prezidenti Uxuru Kenyatta bilan Nayrobida uchrashmoqda, 22-avgust, 2016-yil
AQSh Davlat kotibi Jon Kerri Keniya Prezidenti Uxuru Kenyatta bilan Nayrobida uchrashmoqda, 22-avgust, 2016-yil

AQSh Davlat kotibi Jon Kerri dushanba kuni Keniyaga tashrifidan so’ng ertasiga Nigeriyaga bordi. Mahalliy rasmiylar bilan mintaqaviy xavfsizlik, terrorga qarshi kurash xususida gap ketgan.

Kerri kelasi yili Keniyada bo’ladigan umumxalq saylovlarini moliyalashda hamda Janubiy Sudandagi mojaro sabab uy-joyidan ajralgan odamlar ehtiyojlari uchun Qo’shma Shtatlar qo’shimcha pul ajratishini ma’lum qildi.

Qit’a xavfsizligiga ayni damda ikkita yaxshi uyushgan jangari guruh xavf solmoqda. Nigeriya va qo’shni davlatlarda “Boko Haram”, Somalida esa al-Shabab.

Vashingtondagi Vudro Vilson nomidagi institutda Afrika bo’yicha mutaxassis Stiv Makdonald nigeriyaliklar amaliy yordam olishni istaydi, deydi.

"Afrikaliklar quruq gapni eshitishdan charchagan. G’arb rasmiylari qit’aga borib, xavfsizlik haqida bot-bot gapiradi, ammo odamlar konkret qadamlarni ko’rgisi keladi. Ko’pchilik Kerridan xavfsizlik, taraqqiyot, ta’lim bobida yordam kutmoqda”, - deydi Makdonald.

Dushanba kuni Keniyaga borgan Kerri Nayrobida mahalliy mavzulardan tashqari qo’shni Janubiy Sudandagi vaziyatni ham muhokama qildi. Qo’shma Shtatlar bu mamlakatdagi mojarodan eng ko’p aziyat chekkan odamlarni oziq-ovqat, suv va dori-darmon bilan ta’minlash uchun 138 million dollar ajratishga qaror qildi, deydi Kerri.

"Biz ularga to’xtovsiz yordam bera olmasligimizni tushuntirdik. Janubiy Sudan rahbarlari mas’uliyatni sezib, o’z xalqi ehtiyojlarini qondirishga harakat qilishi kerak”, - deydi Amerika davlat kotibi.

Tahlilchi Makdonald Janubiy Sudanda korrupsiya kuchli ekanini, 2011-yil mustaqilligidan beri unga tashqi yordam sifatida berilgan uch milliard dollardan oshiq pulning katta qismi noinsof amaldorlar hamyoniga tushganini eslatadi.

Bu o'rtada Nigeriya havo hujumida "Boko Haram" yetakchisi Abubakar Shekau va guruhning bir necha sardori - Abubakar Mubi, Malam Nuhu and Malam Hamman halok bo'lgani aytilmoqda.

Nigeriya qurolli kuchlari bungacha Shekau yo'q etilganini da'vo qilgan edi, biroq Shekauga o'xshash bir odam tasvirlangan video keyinchalik tarqatilib, uning sog'-salomat ekani aytilgan.

Kerrining aytishicha, "Boko Haram"ni yengish uchun odamlarni guruhga qo'shilishga majbur qilayotgan omillarni hisobga olish va bu muammolar bilan shug'ullanish lozim.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG