Oq Uy Suriyaga insonparvarlik yordamini oshirmoqchi

  • Amerika Ovozi

Joriy yil oxirigacha AQSh 10 ming suriyalikni o'z bag'riga olishni rejalagan edi. Oq uy rasmiylariga ko'ra, bu reja allaqachon bajarilgan va hozirda ko'makni oshirish muhokamada.

Prezident Barak Obamaning davlat xavfsizligi masalalari bo'yicha maslahatchisi Syuzan Rays deydiki, Amerika madad hajmini kengaytira oladi.

Besh yildan oshibdiki, Suriya urffush alangasi ostida. Besh millionga yaqin fuqaro qo'shni Turkiya, shuningdek, Livan va Iordaniyada jon saqlamoqda. Yuzlab ming qochqin Yevropadan boshpana so'ramoqda.

Davlat departamenti insonvarparvlik yordamini oshirish deganda asosan Suriyada doimiy notinchlikda yashayotgan aholiga ko'mak uzatishni nazarda tutadi.

"Eng muhim vazifa hamma uchun urushga nuqta qo'yish, toki aholi vatanini tark etishga majbur bo'lmasin",- deydi Jon Kirbi, Davlat departamenti rasmiysi.

Bu yili AQSh xorijdan hami 85 ming qochqinni qabul qiladi. Kelasi yili 100 ming qochqin uchun joy ajratiladi. Aynan qanchasi suriyalik bo'ladi, hozircha mavhum.

Oq uyning bildirishicha, har bir qochqin qabul qilinishi oldidan bir necha chig'iriqdan o'tadi. Har bir kishi obdon tekshiriladi, deydi rasmiylar, muxolifat tanqidiga javob berar ekan.

Prezidentlikka nomzod respublikachi Donald Tramp fikricha, musulmon muhojirlar alohida tekshirilishi lozim va umuman olganda, ularning sonini cheklash kerak.

30 shtatda mahalliy rahbariyat mana shunday tekshiruvlar olib borgani ma'lum, vaholanki, bunga ularning qonunan haqqi yo'q. Federal hukumat qabul qilgan qochqin allaqachon barcha talablarga javob bergan.

BMT Bosh Assambleyasining shu oy oxirida Nyu-Yorkda o'tadigan yillik anjumanida suriyalik qochqinlar masalasi yuzasidan sammit ham o'tadi. Unga Prezident Obama boshchilik qiladi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG