Karimov o'limidan ikki kun o'tib, Toshkentda hammasi joyida


Islom Karimov (1938-2016)

Islom Karimov (1938-2016)

O'zbekistonda Prezident Islom Karimov vafoti munosabati bilan e'lon qilingan uch kunlik motam tadbirlari davom etmoqda. Mamlakatda yakshanba kuni o'quv yili ham, ish kuni ham Karimov xotirasiga uyushtirilgan tadbirlar bilan boshlangan.

Marhum prezident imzolagan so'nggi hujjatlardan biri - Mustaqillikning 25 yilligi munosabati bilan dam olish kunini ko'chirish to'g'risidagi qaror.

O'zbekiston prezidenti vazifasini vaqtincha bajarayotgan Nig'matilla Yo'ldoshev hozircha jamoatchilikka ko'rinish bergani yo'q.

Motam tadbirlari maktablar va boshqa ilm maskanlari, shuningdek, Oliy Majlis, davlat idoralari, viloyatlar, tumanlarda ham bo'lib o`tmoqda.

Karimov dafn qilingan Samarqanddagi Shohi Zinda qarbistoni esa 4-sentabrdan oddiy aholi uchun ochilgan. Uning qabrini ziyorat qilish uchun odamlar tongdan navbatda turishibdi.

O'zbekiston Tashqi ishlar vazirligiga ko'ra, mamlakatni xorijdagi elchiliklari motam munosabati bilan hamdardlik kitoblari ochilgan. “Jahon” axborot agentligi xorij davlatlari rasmiylari, ishbilarmon doiralar, nodavlat tashkilot vakillari, oddiy aholi o'zbekistonliklar bilan hamdard ekanliklari haqida yozmoqda.

Mamlakat 3-sentabrdan boshlab uch kunlik motamda.

Mavjud qonunchilikka ko'ra, O'zbekistonda boshqaruv vaqtinchalik Senat raisi Nig'matilla Yo'ldoshevga o'tgan. Yo'ldoshevni davlat rahbari sifatida biror tadbirdagi ishtiroki yoki jamoatchilikka chiqishi hozircha kuzatilgani yo'q.

O'zbekiston inson huquqlari tashabbus guruhi rahbari Surat Ikromov fikricha, Yo'ldoshevning asosiy vazifasi Islom Karimovdan keyingi prezidentni aniqlashtiruvchi saylovlarini tashkil etishdan iborat bo'ladi.

“Konstitutsiyaga ko'ra shunday. Buning uchun biror bir saylov yoki boshqa bir me'yor shart emas. Uning boshqaruvi ko'proq rasmiyatchilik, aslida hamma idoralar o'z vakolatini bajaraveradi, davlat rahbari sifatida esa Yo'ldoshev turadi. Yil oxirigacha endi saylov o'tkazilishi kerak, albatta, unda bir nechta nomzodlar qatnashadi. Vaqt ko'rsatadi endi, kimlarning nomzodi qo'yiladi", - deydi Ikromov.

54 yoshli Nig'matilla Yo'ldoshev jamoatchilikka unchalik tanish emas. Kasbi huquqshunos, uzoq yillar huquq-tartibot organlarida ishlagan. 2011-yilda u Adliya vaziri etib tayinlangan, 2015-yilda esa Senat raisligiga saylangan.

Toshkentdan jurnalist Yuriy Chrnogayev tahlilicha, Nig'matilla Yo'ldoshev nomzodi shaxsan marhum prezident Karimov tomonidan har tomonlama organib chiqilib, ma'qullangan.

“Albatta, Karimov Yo'ldoshevni bu lavozimga, ya'ni vaqtinchalik davlat rahbarligini egallashi mumkin bo'lgan lavozimga ma'qullashidan oldin u bilan yaxshilab suhbat o'tkazgan. Shu jumladan favqulodda vaziyatda qanday ish yuritish kerakligi yuzasidan ham. Shuning uchun hozir qandaydir vorislar haqida gapirish ehtiyoji yo'q, hammasi oldindan hal etib qo'yilgan”, - deydi jurnalist.

Vafoti rasman 2-sentabr kuni e'lon qilingan Islom Karimov 3-sentabr kuni Samarqandda Shohi Zinda qabristonida tuproqqa qo'yildi.

Karimov mamlakatni 1989-yildan boshqarib keldi. 1992-yilda O'zbekiston tarixidagi dastlabki saylovlardagi g'oliblikdan so'ng hokimiyatni birinchi saylangan prezident sifatida boshqardi.

Islom Karimov va muxolifatdagi “Erk” partiyasi raisi Muhammad Solih qatnashgan dastlabki saylovlar nisbatan adolatli o'tgan deb hisoblanadi. Keyinchalik Karimov konstitutsiyaga zid ravishda o'z nomzodini to'rt bor prezidentlikka qo'ydi.

Ularning hammasida 90 foizga yaqin ovoz bilan g'alaba qozondi, ammo bu saylovlar nodemokratik va qonunlarga zid deb baholandi.

  • 16x9 Image

    Malik Mansur

    Malik Mansur Toshkent Davlat Universitetini (hozirda O'zbekiston Milliy Universiteti) bitirgan. Professional jurnalist. Bu sohada 1990-yilardan beri ishlab keladi. O'zbekistonda qator nashrlarda faoliyat yuritgan. "Amerika Ovozi bilan 2002-yildan buyon hamkorlik qilib keladi. Vatandagi siyosat, iqtisod va ijtimoiy hayotni yoritadi.
     

XS
SM
MD
LG