Breaking News

Kaliforniya: O'lim jazosi kuchda qoladimi yoki bekor qilinadi?


Saylovchilarni ro'yxatga olish jarayoni, Kaliforniya shtatidagi supermarketda.
Saylovchilarni ro'yxatga olish jarayoni, Kaliforniya shtatidagi supermarketda.

Kaliforniya shtati yaqinlashayotgan saylovda bir muhim masalani hal qiladi: o’lim jazosi yo bekor qilinadi yo kuchaytiriladi.

Kaliforniya qamoqxonalarida 750 kishi oliy jazo ijro etilishini kutib o’tiribdi. Sud ular ishini qayta ko’rib chiqmoqda.

Shtat jazo tizimi 1978-yildan beri buzilgan deya, har bir sudlanuvchi bilan bog’liq hollarni elakdan o’tkazmoqda. Masala o’ta jiddiy, deydi huquqshunos Pola Mitchell.

“Kaliforniyada soliq to’lovchi 5 milliard dollar sarflaydi bu tizim uchun. (1978-yildan beri) 13 kishi qatl etilgan. O’limga loyiq topilgan odamdan 100 nafari ijroni kutib o’tirib, boshqa sabablar bilan vafot etgan.”

Ikki, bir-biriga qarama-qarshi taklif muhokamada. Biriga ko’ra, o’lim jazosi yo’q qilinishi kerak. Ikkinchisiga binoan esa o’lim jazosi va uning ijrosi bilan bog’liq tartib oydinlashishi lozim.

Omma bir fikrda emas.

“Mamlakatimizda bu masala oldindan adolatsiz. Qashshoq, chorasiz odamlar jazolanadi. Begunoh insonlar qatl etiladi. Yo’qsillarda o’zini himoya qilish uchun pul yo’q. Mening fikrimcha, bundanda adolatsiz, asossiz holat yo’q”,- deydi faollardan biri Mayk Farrell.

Kermit Aleksandr ismli amerikalik va uning oilasi o’lim jazosi tarafdori. Onasi, singlisi va ikki jiyani o’ldirib ketilgan.

“Adolat bu. Qasos emas. 30 yil oldin qasos olgan bo’lardik agar muddao shu bo’lganida. Adolat ta’minlanishi kerak, sud va jazo tizimi orqali. Shuncha kutdik. Sabrimiz yetadi”,- deydi Aleksandr.

Odatda o’limga loyiq deb topilgan kishining ishi apellyatsiya tartibida ko’rib chiqiladi. Jarayon uzoq vaqt oladi. Kuchli advokatlar topish oson emas.

30 shtatda o’lim jazosi hamon amalda. Qolganlari allaqachon bekor qilgan. Qatl hollari juda kam uchraydi. Prokurorlar tizimni saqlab qolish tarafdori.

“Shunday jinoyatlar borki, bu odam insonmi yo maxluqmi deysiz. Nihoyatda mudhish… Shunday hollarda aybdor odamni oliy jazoga mahkum etish tarafdoriman. Jamiyat ham nimaga toqat qilib, kimni qayta tarbiyalab, yana jamiyatga qo’shish borasida o’z chegarasini belgilab olishi kerak”,- deydi prokuror Mayk Xestrin.

AQSh rivojlangan demokratiya bo’la turib, o’lim jazosini bekor qilmagani azaldan tanqid ostida.

“Jamiyatimizni adolatsiz bir tuzum sifatida namoyon etadi. Naqadar noinsoniy…”, - deydi faol Farrell.

Jinoyat va jazo, deydi boshqalar.

“Begunoh inson hayoti-chi? Uning qadri yo’qmi? Kimningdir jonini oldingmi, javob berishing kerak”,- deydi Aleksandr.

Saylov 8-noyabrda.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG