Chechenistonda barqarorlik va adolat orasida temir zanjir

  • Amerika Ovozi

Checheniston rahbari Ramzan Qodirov

Checheniston rahbari Ramzan Qodirov

Checheniston rahbari Ramzan Qodirov uzoq yillardan beri jangarilarga qarshi keskin choralar ko’rib, yurtini terrorizmdan himoya qilib kelayotganini aytadi. O’lkada tinchlikni saqlash qattiqqo’llik talab qiladi, deydi uning tarafdorlari. Lekin erkinlik cheklangan. Tuzumni tanqid qilganlar bosim ostida. Ko’plab yoshlar terroristlarga qo’shilib ketmoqda. Bugungi Chechenistondagi haqiqat bu, deydi mutaxassislar.

Grozniyda Ramzan Qodirovning marhum otasi, sobiq rahbar Ahmad Qodirov sharafiga bunyod etilgan masjiddamiz.

Ahmad Qodirov 2004-yilda o’ldirilgan. Uning o’rniga o’g’lini tayinlagan Prezident Vladimir Putin nazarida Checheniston hozirda barqaror, terrorizmga toqat qilinmaydi.

Ayrim chechenlar Qodirovni shafqatsizlik va huquqbuzarlikda ayblaydi. Jangarilarning ota-onalari, oilalari ham jazolanadi, deydi ular.

“Checheniston ikki o’t orasida: bir tomonda jangarilar, ikkinchi tomonda esa diktatura. Radikallar ham xalqning qonini ichishga tayyor. Hukumat ham fuqarolarni ayamay, asossiz jazolashni odat qilgan”, - deydi “Memorial” huquq markazidan Oleg Orlov.

Ramzan Qodirov Putinga sodiq. Muxolifat, uning fikricha, sotqinlar. Shu yilning fevral oyida chiqqan videoda muxolifatchilar o’ldirilayotganini ko’rasiz.

O’tgan yilli Moskvada oppozitsioner Boris Nemtsov o’limida gumon qilinib, Ramzan Qodirovga aloqador odamlar, chechenlar, qo’lga olingan.

“Ramzan Qodirov o’zini Putinning ukasidek tutadi. Ishonchi baland. Xohlagan ishini qila oladi, nafaqat Chechenistonda balki butun Rossiya bo’ylab”, - deydi tahlilchi Aleksey Malashenko.

Qodirov Nemtsovning otib o’ldirilishiga aloqasi yo’qligini aytadi. Biroq uni o’ldirgan odam haqiqiy vatanparvar degan fikrda.

Putin unga nima uchun tayanishi aniq, deydi Checheniston rahbari atrofidagi odamlar. Ikki urushdan tinkasi qurigan yurt bugun obod va tinch. Eng muhimi xotirjamli.

Biroq Moskvada Ramzan Qodirovdan norozilar anchagina. Ular nazarida Chechenistonning “qoni qaynagan” rahbari nafrat hissini oshirib, butun mamlakatga raxna solmoqda.

“Begunoh odamlarni azoblash yaxshilikka yetaklamaydi. Asossiz qamash, jazolash, o’ldirish hollari keng tarqalgan. Qarabsizki, jangarilarga qo’shilib ketayotganlar ham ko’p”,- deydi rus faollaridan biri.

Qodirov aqidaparast, mutaassib, o’zboshimcha, subutsiz bir shaxs degan tanqid kuchli. Lekin Kreml pinagini buzmaydi. Chechenistonda hammasi joyida, deydi rasmiylar.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG