Chechenistonda yaqin tarix og'riqli masala

  • Amerika Ovozi

Sobiq rahbar Ahmad Qodirov muzeyi, Grozniy

Sobiq rahbar Ahmad Qodirov muzeyi, Grozniy

Chechenistonda 1994-1996 va 1999-2009 yillarda kechgan urush va mojarolar haqida ma’lumot yoki asos topish qiyin. Respublika muzeylariga borsangiz, u qora kunlar haqida hech narsa ko’rmaysiz. Kim boshlagan, kim nima jinoyat qilgan va xunrezliklar qanday tugagan? Bu borada hech qanday informatsiya berilmaydi. Har tarafda Rossiya rahbari Vladimir Putinning suratini ko’rasiz.

Grozniydamiz. Chechenistondagi urush haqida so’rasangiz, fuqarolar ko’ziga yosh oladi.

Salom Shaipov va uning oilasi bir necha yil bombalar ostida yashagan. Mahallasi jang maydoni bo’lgan. Ko’chalarda qon oqqan.

“Xotirjam yashar edik. Bilmadik, qayerdan chiqdi mojaro? Oddiy odamlar urush qanday boshlangani haqida haliyam bilmaydi. Hech kimga kerak emas edi bu urush. Shuncha odam bekorga o’lib ketdi. Jinoyatchilar jazolanmadi”.

Ikkinchi urushga boshchilik qilgan Putin bugun Grozniy ko’chalarida fuqarolarga jilmayib qarab turibdi. Uning qatorida Checheniston rahbarlarining suratlari ham bor.

Bu yurtning milliy muzeyida hozirgi rahbardan tortib, 19-asrda ruslarga qarshi qonli janglar olib borib, baribir taslim bo’lgan Imom Shamil va uning izdoshlari aks etgan manzaralarni tomosha qilasiz.

Yaqin o’tmishdagi dahshatli urushlar haqida hech gap yo’q.

“Bizga shuni o’rgatishganki, urush haqida xulosa shoshmay qilinadi. Yaqin tariximizni sarhisob qilish uchun vaqt kerak. Mojarolardan aziyat chekkan insonlar, ularning guvohlari hali tirik. Biz material yig’ayapmiz, shoshmaymiz”,- deydi muzey direktori o’rinbosari Tamara Elbuzdukayeva.

Iosif Stalin davri poyoniga yetgach o’nlab yillardan keyingina “haqiqat tagiga yetganmiz”, deydi mutaxassis. Chechenlar va boshqa elatlarning achchiq taqdirini hech kim bilmagan.

Hozirgi rahbar Ramzan Qodirovning otasi Ahmad Qodirov nomi qo’yilgan bu dargoh xalqqa vatanparvarlikni o’rgatishi kerak, deydi muzey xodimlari.

Biroq vatanparvarlik haqiqatni aytishdan boshlanmaydimi? Ahmad Qodirov jangari bo’lgan. Keyinroq esa Rossiya tomonga o’tgan.

"Biz u mavzularga qaytishni istamaymiz. Mavridi emas bu gaplarni kavlashning… Biz bu muzey respublikamiz rivoji haqida ma’lumot bersin, deymiz”,- deydi Luiza Xatuyeva, Ahmad Qodirov muzeyi xodimi.

Grozniy yangi shahardek. Urushda vayron bo’lgan hududlar qayta qurilgan. Urush unutilsin, deydi rasmiylar.

Milliy muzey rahbariyati esa bir kun kelib “urush muzeyi” ham ochiladi deya ishontirishga urinadi.

Chechenlar o’tmishga qarab yig’lab o’tirishni xohlamaydi, deydi mutaxassislar, aksincha, bu xalq tarixni yopib, kelajak haqida ko’proq o’ylashni istaydi.

Daniel Scherf, Nasiba Tohir AOT.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG