Qochqinlar qissasi Vashingonda ko'rgazmada

  • Amerika Ovozi

Jahon bo’ylab 65 million odam turli sabablarga ko’ra uy-joyini tashlab chiqqan. Bu esa global miqyosda qochqinlar oqimini kengaytirib, xalqaro hamjamiyat oldida yangidan-yangi muammolar tug’dirmoqda.

Urushlar, mojarolar, siyosiy nizolar va iqtisodiy beqarorlik… Odamlarni vatanidan ayirishi mumkin.

Vashingtondagi ko’rgazmaga kelganlar qochqinlar boshdan kechiradigan azob haqida o’rganadi. Chorasiz insonlar bosib o’tadigan yo’ldan yuradi.

“Tasavvur qiling: uyingizdan bosh olib ketishga majbursiz. Hayotingiz xavf ostida. Ko’zingizga nima ko’rinadi? Oilangizning suratlari, kalit… Qaytaman albatta, degan umiddasiz. Har bir qochqin shunday umid bilan uyini tark etadi. Qaytamiz, qaytamiz.”

Ko’rgazma har bir mehmonni qochqinga aylantiradi, bir necha daqiqaga.

“60 kishidan birisiz. Shu qayiqda Turkiyadan Gretsiyaga borish kerak”.

Turkiyada jon saqlayotgan suriyaliklar

Turkiyada jon saqlayotgan suriyaliklar

“Chegara bilmas shifokorlar” tashkiloti tashabbusi bilan yaratilgan bu loyihadan maqsad G’arb ahlini real muammolar haqida ogoh etish, ularni uyg’otish.

“Xalq bilishi kerak dunyo ishlari aslida qanday ekanini. Tushuna olishi kerak. Bir necha lahzaga bo’lsa-da, achchiq haqiqatni tatib ko’rsin”,- deydi tashkilotchi Kris Tsarra.

Qochqinlarning bu yerga kelishi qiyin lekin ular boshdan kechirayotgan azobni amerikaliklar bu ko’rgazma orqali his eta bilishi mumkin.

“Odamlar balo uzoqda deb o’ylaydi. Ularning hayotiga bevosita ta’sir qilmayotgandek. Ular shunday o’ylagani uchun siyosatchilar ham pinagini buzmaydi. Hamma loqayd”,- deydi ko'zgazmani ko'zdan kechirgan amerikalik.

“Muammo ko’lami bu qadar dahshatli deb o’ylamagan edim. Odamlar qiynalayotganini tushundim”, - deydi mehmonlardan biri.

Vashingtondan keyin bu ko’rgazma Boston, Pittsburg va Filadelfiyada ham tashkil etiladi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG