Filippin Mindanao orolidagi terroristlarni yo'q qilmoqchi

  • Amerika Ovozi

Filippinda hukumat musulmon jangarilarni tag-tugi bilan yo’q qilishga bel bog’lagan. Jamoatchilik davlat tarafida. Lekin vaziyat bilan yaqindan tanish siyosatdonlar nazarida Abu Sayyofdek chuqur ildiz otgan to’dadan qutulish oson bo’lmaydi. Kuchli strategiya kerak, deydi ekspertlar. Ular fikricha, hukumatda mukammal reja yo’q.

Filippinning yangi rahbari Rodrigo Duterte mamlakatdani jinoyatchilardan va terrorchilardan tozalamoqchi. Bittama-bitta, deydi u. Politsiya va armiya birga harakat qiladi va bu ishni barajadi.

Qani endi bu gaplar amalda ish bersa, deya sharhlaydi mahalliy kuzatuvchilar. Chorak asrdirki, Abu Sayyof nishonda. Mindanao oroli jang maydoni bo’lib qolmoqda. 1970-yillardan beri 120 ming odam o’lgan.

Mindanao ahli prezidentni quvvatlamoqda, unga ishonchi baland.

62 yoshli siyosatchi Rona Kanoy azaldan shu yerda yashaydi va ahvol naqadar qiyin ekanini biladi. Uningcha, hukumat Mindanaoni xavfsizsiz, farovon, sayyohlar qo’rqmay keladigan joyga aylantirmoqchi.

“Men Abu Sayyofni siyosiy maqsadi bor, birlashgan guruh deb hisoblamayman. Ularda mablag’ ham oz. Odamlarni o’g’rilab, garov puli talab qilib, bir amallab yashab kelmoqda. Ular banditlar. Hukumat ularni iskanjaga olib, tinimsiz nishonga olsa, tamom, yer bilan yakson bo’ladi. Biz buni juda, juda xohlaymiz, omad armiyamizga”,- deydi Kanoy.

Mamlakatda bugun xavfsizlik choralari kuchaytirilgan. Ko’chalarda zobitlarni ko’rasiz. Ayniqsa, Mindanao harbiylarga to’la. Tayyorgarlik avjida ekan, odamlardan mobil telefonlarni o’chirib qo’yish so’ralmoqda. Jamoatchilik armiyaning hamkori.

Terror xurujlarining oldini olish, yoshlarni jangarilarga qo’shilishdan saqlash, ogohlik, informatsiya ulashish, tahdid isi chiqishi bilanoq xabar bersh – asosiy vazifa.

Lekin biror prezident yoki qo’mondon terrorizmdan butkul qutulamiz deb va’da bermasligi kerak, deydi siyosiy tahlilchilar.

Aslida jangarilar bilan muzokara qilish kerak va Abu Sayyofning yosh a’zolarini qurol tashlashga ko’ndirish lozim, deya undayotganlar ko’p.

“Urush to’xtamaydi. Jangarilar bilan gaplashish kerak. Ular Mindanao ahlining bir qismi. Shu yerliklar. Ularni qirib tashlab, yaxshilik qilmaymiz. Nafrat hissi oshadi xolos. Filippin hammamizning yurtimiz. Kimdir musulmon, kimdir nasroniy. Birga yashay olishimiz kerak. Tinchlik muzokara talab qiladi”,- deydi Klerens Tomas, hukumat vakili.

Prezident Duterte Mindanao masalasini hal etish uchun amerikalik harbiy maslahatchilarga suyanmoqda. Yaqinda ulardan vatanga qaytishni so’radi, chunki vaziyat tahlikali. AQShning Maniladagi elchixonasiga ko’ra, maslahatchilar haliyam Filippinda.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG