Breaking News

Eronga ishonch yo'q, deydi qo'shnilar


Qatar gazi Polshaga yetib kelmoqda, 2015
Qatar gazi Polshaga yetib kelmoqda, 2015

Yaqin Sharqdagi neft va gaz ishlab chiqaruvchi davlatlar orasidagi raqobat iqtisodiy bellashuv emas, deydi siyosiy tahlilchilar, aksincha mintaqa yanada beqarorlashishi mumkin.

Qatar va Eron Yaqin Sharqda eng katta gaz zaxiralariga ega mamlakatlar. Bu boylikni ular Yevropa va Osiyo mamlakatlariga ko’proq sotishni xohlaydi.

Suriya va Iroqdagi mojarolarda ham aynan bu raqobat muhim rol o’ynamoqda, deydi ekspertlar.

Rossiya Yevropani gaz bilan ta’minlovchi asosiy davlat. 2015-yilning kuzidan beri Suriyadagi urushga bosh qo’shgan va bu mamlakat rahbari Bashar al-Assadni har tomonlama quvvatlab kelmoqda.

Prezident Vladimir Putin G’arbga dunyoning bu qismida Rossiya bilan hisoblashmay ish qilish xato bo’ladi, deya eslatib turibdi.

Qatar G’arb bilan apoq-chapoq, Eron esa Rossiya bilan. Tehron va Moskva eng yirik gaz zaxiralariga xo’jayin.

Qizig’i, Qatar va Eron gazini jahon bozoriga olib chiqishda Amerika yetakchi rol o’ynagan. 1974-yilda uning “Shell” korporatsiyasi zaxiralarni topgan. Aslida neft qidirilayotgan edi.

Eron gaz inshootlaridan biri
Eron gaz inshootlaridan biri

Qatar Energetika vaziri Abdulla al-Attiya deydiki, “Shell” bu manbalarni rivojlantirishga qiziqmagach, bir necha yillar bu zaxiralarga hech kim yaqinlashmagan. Daniyaning “Maersk” kompaniyasi ularni qazishni yo’lga qo’ygan.

Qatar hozirda yiliga 77 million tonna suyuq tabiiy gaz ishlab chiqaradi va bu borada jahonda birinchi o’rinda.

Ispaniya, Italiya, Britaniya va Polsha – yirik xaridorlar, deydi al-Attiya.

1980-88 yillarda Iroq bilan urushgan Eronda neft va gaz ishlab chiqarish yo’lga qo’yilishi uchun uzoq vaqt ketdi. Ular asta daromad keltira boshlagach esa Tehronning yadroviy dasturi sabab qo’yilgan sanksiyalar biznesning beliga tepdi. Hozirda inshootlar va texnologiya eskirgan. Yangisi uchun kamida 100 milliard dollarlik sarmoya kerak. Uni esa G’arbdan kutmoqda. Biroq AQSh sanksiyalari bunga hamon yo’l qo’ymaydi.

Eron neft va gaz qazish maydonlarining sakkiztasi qo’shnilar bilan tutashgan hududlarda. Sobiq prezident Abulhasan Bani Sadr chegaradosh davlatlarni ayyorlikda ayblaydi.

Qatar Eronga qaraganda ikki karra ko’proq gaz qaziydi va “bizni laqillatishga urinadi”, deydi Sadr.

Jahon bozoriga chiqishda raqobat yo’q, deydi sobiq prezident. Qatar Suriya yoki Iroq emas, Saudiya Arabistoni orqali arzonroq yo’lga ega. Eron esa Turkiya yordamida chiqadi.

Suriya rahbari Bashar al-Assad
Suriya rahbari Bashar al-Assad

2016-yilda Assad Eron va Qatar orasidagi raqobat uning mamlakatidagi urushning sabablaridan biri bo’lishi mumkin, deya iddao qilgan edi.

“Bizning siyosatimizga qarshi tomonlar Suriya energetik tranzit yo’li bo’lishini xohlamadi va tinchligimizni buzdi”,- degan edi Assad.

Qatar sobiq bosh vaziri Hamad bin Yasim bin Jabbor al-Taniy deydiki, Suriya rahbari oldin ham xato fikrlagan, hozir ham shunday. Qatar ham, Saudiya Arabistoni ham Suriya barqarorligidan manfaatdor, deydi u.

Qatar va Fors ko’rfazi hamkorlik kengashi Suriyaning ittifoqchisi bo’lmish Erondan norozi ekani aniq, deydi al-Taniy. Urush ortidagi yirik yovuz kuchlardan biri Tehron, deydi sobiq vazir.

“Eron bilan aloqalarni yaxshilashni xohlar edik, lekin bu davlat chegaradan chiqib ketgan”, - deya noliydi u.

Eron sobiq prezidenti Sadr nazarida esa sunniy davlatlar shia hukumatlar kuchayishini istamaydi; Iroqdan tortib Suriya, Livan va Yamangacha, Tehron siyosiy kuchga ega bo’lmasin, deya qarshi ular.

Rossiya va Eron rahbarlari
Rossiya va Eron rahbarlari

Qatar rasmiylarining qayd etishicha esa Eron Fors ko’rfazida xavfsizlik va iqtisodiy jihatdan tahdid manbai hisoblanib, u bilan hamkorlik cheklangan. Gap xohishda emas, deydi al-Taniy, Tehronning o’zboshimcha siyosatida.

“Eron bizga qo’l cho’zsa, birga ishlashga tayyormiz”, - deydi u.

Lekin, deya qo’shadi Al-Taniy, qo’shni davlatlar Eronga chuqur shubha bilan qaraydi va unga umuman ishonmaydi.

Eron Tashqi ishlar vaziri Javod Zarif 2015-yilda bu borada shunday degan edi:

“Globalizatsiya zamonida qo’shni notinch bo’lsa, siz hech qachon tinch yashay olmaysiz. Qo’shni qashshoq bo’lsa, siz ham qashshoqlik tomon ketasiz. Hech kim faqat qora yoki faqat oppoq emas”.

Shu kabi gaplar bilan Eron rasmiylari Suriyani nega quvvatlayotganini tushuntirishga urinadi. Damashqdagi rahbar Tehron bilan hamfikr.

Hozirgi vaziyatda mintaqada yangi quvurlar barpo etish amri mahol. Shia yoki sunniy, iqtisodiy imkoniyatlar cheklangan, deydi mutaxassislar. Balki Amerika va Rossiya kelishib, biror yangi loyiha boshlar, deya kinoya qiladi ular.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG