Oq uy Osiyodagi biznes sheriklarini jazolash harakatida

  • Amerika Ovozi

Oq uy Osiyodagi biznes hamkorlarini ayyorlikda ayblamoqda. Uch oylik tekshiruv natijalariga ko’ra, deydi Prezident Donald Tramp, dunyoning bu tarafidagi sheriklar o’zaro bitimlarni buzgan. Ulkan o’zgarishlar vaqti keldi, deydi prezident.

Tramp azaldan savdodagi kamomad katta muammo, deb keladi. Uningcha, Osiyo davlatlari Amerika bozoridan xohlaganicha foydalanib, bu mamlakat mahsulotlari va xizmatlari uchun o’z hududlarida hujjatlarda belgilangan ko’lamda yo’l ochmaydi.

Xitoy, Yaponiya, Tailand, Janubiy Koreya, Malayziya, Hindiston, Tayvan, Indoneziya va Vyetnam hozirda Tramp e’tiborida bo’lib, Vashington ularni erkin savdo qoidalariga rioya qilmagani uchun jazolashga bel bo’glagan.

Yaponiya, dunyodagi uchinchi eng yirik iqtisodiy tizim, AQShga eksport hisobiga boyigan, uning uchun yaratib berilgan imtiyoz va imkoniyatlar evaziga ravnaq topgan.

Singapurdan tahlilchi Kristal Tan deydiki, Tramp ma’muriyati olib borgan tekshiruv o’nlab mamlakatlarda kuchl xavotir uyg’otgan.

“Qanday jazo turlari qo’llaniladi, bilmaymiz. Lekin Janubiy Koreya va Tailand singari azaliy ittifoqchilar valyuta bilan bog’liq egri ishlar qilgan degan ayblovlar yangramoqda”,- deydi mutaxassis.

Amerika Osiyo mamlakatlarini, xususan Xitoyni o’z milliy puli qiymatini ataylab past ushlab turganlikda va shu tariqa jahon bozoriga ko’proq mol olib chiqayotganlikda ayblab keladi. Pekin hozirga kelib bunday siyosatdan voz kechganini da’vo qiladi.

Tayvan hukumatiga ko’ra, AQSh bilan aloqalar joyida. Bu orol-davlat Amerikaga sotadigan molning 80 foizi turli sanoat mahsuloti bo’lib, boshqa tovarlar ishlab chiqarishda qo’llaniladi. Bozorni talab belgilaydi, deydi Tayvan rasmiylari.

Kristal Tan tahlilicha, aslida Tayvan o’z bozorini AQSh uchun yetarlicha ochmayotganini tan oladi va shu bois Vashington sanksiya qo’yishi mumkin deya xavfsirab turibdi.

Malayziya hukumati ham Oq uy qo’yayotgan ayblovlarni inkor etib, jazolansa, bundan Amerikaning o’zi zarar ko’radi, deya ogohlantirmoqda. Texnologiya kompaniyalarining faoliyatiga putur yetadi, deydi rasmiylar.

2016-yil oxirida Malayziyada iqtisodiy o’sish 4,5 foizni tashkil etgan. Ekspertlarga ko’ra, bu – iqtisodiyot mustahkam ekanidan dalolat.

Tailand va AQSh orasidagi savdo aylanmasi 36,5 milliard dollar, bundan qariyb 25 milliard dollari Tailand eksportiga to’g’ri keladi. Asosan texnologiya, uy-ro’zg’or mahsulotlari, elektronika, yelim tovarlar, qimmatbaho toshlar va taqinchoqlar keladi.

Barak Obama prezidentligining oxirgi yillarida Tinch okeani bo’yidagi 12 davlat erkin savdo bitimi ustida kelishgan edi. Lekin Prezident Tramp bu kelishuvni bekor qilgan.

Iqtisodiy tahlilchi Karl Teyer Vyetnamni Amerikaning yaqin va ishonchli biznes hamkori deya ta’riflaydi. “Oradagi biznesda kamomad emas, kutilganidan ham oshiq daromadga guvohmiz”, - deydi mutaxassis. “Tomonlar milliardlab dollar foydani sanab o’tiribdi”.

Tramp Hindiston, Yaponiya va Xitoyni jazolashga tushsa, bundan Vyetnam ham zarar ko’radi, deya ogohlantiradi ekspert. Hozirgi dunyoda biror bir qaror faqat bir davlatga qarashli emas. Oq uy har bir mamlakat bilan alohida muzokara qilib, hamkorlik shartlarini yangilamoqchi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Fikringiz

XS
SM
MD
LG