Oq uy: Ekologiya uchun mablag' kamayadi

  • Amerika Ovozi

Prezident Donald Tramp Amerikada atrof-muhit muhofazasi yo’lida kamroq mablag’ sarflashga bel bog’lagan. Xususiy sektor sarmoya qilsin, deydi u. Soliq to’lovchining puli, uning fikricha, ish o’rinlari yaratish uchun va boshqa iqtisodiy jabhalar uchun ajratilishi lozim.

Biroq prezident qaroriga ko’ra, ekologiya himoyasi bilan mashg’ul tashkilotlarda ish o’rinlari qisqarmoqda. Suv omborlari, ko’l va havzalarni toza saqlash hamda yovvoyi tabiatni asrab-avaylash ham ish. Chasepik qo’ltig’i AQSh sharqiy qismida olti shtatni qamraydi.

Dengiz ovqatlari ishlab chiqaruvchi kompaniyada oddiy ish kuni. Bugunning barakasini sarhisob qilishmoqda.

Iyen Rid Rappahannok daryosini suv qilib ichib yuborgan. Bu hududni juda yaxshi biladi. Daryo Chasepik qo’ltig’iga quyiladi va u orqali Atlantika okeaniga chiqadi.

To’qqiz qafasdan bugunning ovi. Bu yerlar unchalik chuqur emas. Bugun tutilgan ustritsa mahalliy restoranlarga yetib ortadi.

Bu mahsulotga mamlakat bo’ylab talab katta, ayniqsa mana shunday tozasiga.

15 yil oldin Chasepik qo’ltig’i va uning atrofidagi hududlar shu qadar zaharlangan ediki, bu suvlardan chiqqan biror yegulikni iste’mol qilish mumkin emas edi. Ustritsalar kamayib ketgan edi. AQSh atrof-muhitni muhofaza qilish agentligi qator loyihalar boshlab, bu yerlarni tozaladi.

Iyen singari mahalliy mutaxassislar yillar davomida qattiq mehnat qildi. Yovvoyi tabiat asrab qolindi. Suvlar bugun toza. Oq uy buning qadriga yetmayapti, deydi u.

“Bu yer muhofazasi yiliga 73 million dollar talab qiladi. Prezident Tramp uni qirqsa, ishimiz to’xtaydi. Tabiat, atrof-muhit doimiy e’tiborga muhtoj. Tirikchiligimiz bu”.

Prezident Tramp esa saylovdan oldin bergan va’dalarini ro’kach qilmoqda. Ekologiyaga haddan tashqari ko’p mablag’ sarflanmoqda, deydi u.

"Federal agentlik aslida ko’plab odamlarni ishidan ayirgan. Yangiliklar qilamiz”.

Hozircha Trampning bu boradagi reja va takliflari faqat qog’ozda. Kongressda ovozdan o’tganicha yo’q. Prezident deydiki, mintaqaviy va mahalliy loyihalar uchun federal byudjetdan pul ajratish kerak emas. Buni shtatlar o’zi hal qilishi kerak.

Tabiatparvarlar esa norozi. Kim Kobl, Chasepik jamg’armasi vitse-prezidenti:

“Toza suv aslida iqtisodiyotimizning tayanchi. 22 milliard dollarlik foyda keltiradi. Suvni tozalab turmasak, boshqa bizneslar zarar ko’radi. Bu degani yangi ish o’rinlari yaratilmaydi”.

Chasepik qo’ltig’i atrofidagi bizneslar kichik va o’ziga to’q, 30-40 ishchiga ega firmalar. Virjiniya shtatida ustritsa biznesidan 2015-yilda 16 million dollar daromad tushgan.

Federal agentliklar o’z vazifalarini bajarsin, ya’ni nazorat puxta bo’lsin, deydi mutaxassislar. Sifatni tekshirib tursin.

Patrik Oliver, Rappahannok ustritsa kompaniyasidan:

“Hukumatning o’z roli bor. Federal idoralar me’yorlar va qarorlarga qanchalik amal qilinayotganini kuzatadi, bu juda muhim ish”.

Byudjet muhokamasi boshlanar ekan, Kongressda o’nlab qonunchilar prezident takliflarini qoralab chiqmoqda. Hukumat ekologiya ravnaqi va tabiat muhofazasi uchun mablag’ni kesmasligi lozim, deydi ular.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Fikringiz

XS
SM
MD
LG