Breaking News

Gulbiddin Hikmatyor Afg'onistonda tinchlik yo’lida xizmat qilarmikan?


Gulbiddin Hikmatyor (o'rtada) Prezident Ashraf G'ani, Bosh vazir Abdulla Abdulla, sobiq prezident Hamid Karzay va sobiq jihodchi Abdul Rad Rasul Sayyof bilan, Kobuldagi prezident saroyi, 4-may, 2017
Gulbiddin Hikmatyor (o'rtada) Prezident Ashraf G'ani, Bosh vazir Abdulla Abdulla, sobiq prezident Hamid Karzay va sobiq jihodchi Abdul Rad Rasul Sayyof bilan, Kobuldagi prezident saroyi, 4-may, 2017

Afg’oniston hukumatinbilan sulh imzolagan “Islomiy Hizb” harakati rahbari Gulbiddin Hikmatyor vataniga qaytganiga bir hafta bo’ldi. U Lag’mon, Nangarhor va Kobul viloyatida tarafdorlari oldida so’zladi. Xo'sh, uzoq yillar Eronda yashagan mutaassib liderning vatanga qaytgani mamlakatda tinchlik ta’minlashida yordam beradimi?

Lag’mon va Nangarhorda so’zlagan Gulbiddin Hikmatyor poytaxt Kobuldagi chiqishlarida ham aynan o’sha gaplarni takrorladi. So’z erkinligi va xotin-qizlarning faolligini tanqid qilgan Hikmatyor deydiki, islom dini cheklovlariga ko’ra, ayollar himoya ostida yashashi kerak. Uning fikricha, xotin-qizlar jamiyatda yetakchilik qila olmaydi.

Hikmatyor Afg’onistondagi hozirgi rahbariyatdan noroz. Hukumatni ikki kishi boshqarishi mumkin emas, deydi u, Ashraf G’ani yoki Abdulla Abdulla iste’foga chiqishi kerak.

“Buni Jon Kerri bunyod etgan. Qonunda ham yo’q, xalq ham bunday hukumatni xohlamaydi”,- deydi Hikmatyor, 2014-yilda AQSh vositachiligida qilingan murosaga ishora qilib.

Hikmayor Afg’onistonga hech qanday maqom uchun emas, balki tinchlik ta’minlanishida yordam berish maqsadida kelganini aytadi. Toliblarni yaxshi va yomonga bo’ladi. Yaxshi toliblar qardosh deydi.

“Jangning davom etishini xohlayotganlardan nafratlanamiz. Chunki jangda halok bo’layotganlar afg’onlardirlar. Chunki bu jang xorijdan rejalanmoqda, uning foydasi ham mamlakat dushmanlari va homiylarga yetmoqda”,- deydi Hikmatyor.

Jihodchi lider o’z harbiy kuchiga ega. Yuzlab jangarilar uni kutib oldi.

70 yoshli Gulbiddin Hikmatyor "Islomiy Hizb" partiyasi rahbari, ekstremistik mafkurani targ'ib qilib keladi
70 yoshli Gulbiddin Hikmatyor "Islomiy Hizb" partiyasi rahbari, ekstremistik mafkurani targ'ib qilib keladi

Poytaxt aholisi vaziyatdan tashvishda. Hikmayorga yaqin odamlardan 58 nafar mahbus ozod etilgani ham xalq orasida norozilik uyg’otgan.

“Ular odam o’ldirib qamoq jazosiga mahkum qilingan edi. Lekin qizg’in kutib olindi, ozod qilindi... Hikmatyor hukumat bilan kelishgan bo’lsa ham xalq bilan kelisha olmaydi... Biz shahidlarimiz qonini kechira olmaymiz”, - deydi kobulliklardan biri.

Hikmayorning so’zlari, va’dalariga ishonch past.

“Gulbiddin Hikmatyor so’zlariga amal qilmaydi. Bundan tashqari uning kelishi Afg’oniston muammosini ham hal qilmaydi”,- deydi jamoatchi faol Zalmay Aziziy.

Faollar nazarida Hikmatyor ekstremist va ommani shu tomon undamoqda. Demokratik jamiyat qurishga harakat qilayotgan afg’onlar uchun bu shum xabar.

“Hikmayorning o’tmishi ham ijobiy emas. Uning kelishi ham xavfsizlikka ijobiy ta’sir qilmaydi, balki salbiy ta’sir qiladi”,- deydi Muhammad Shafir ismli talaba.

Katta siyosiy harakatlar, jumladan “Islomoiy Jamiyat”, “Milliy Junbish” va “Milliy Vahdat” partiyalari Hikmatyor qaytganini qutlamadi. Bu esa ichki nizolar qayta avj oladi degan xavotirni kuchaytirgan.

XS
SM
MD
LG