Umida Niyozovaning sudi qoldirilgan


19 aprel kuni huquq himoyachisi Umida Niyozova ustidan boshlanishi kutilgan sud jarayoni qoldirilgan.

Sirg`ali tumani Jinoiy ishlar sudida o’tishi kutilgan jarayonda qatnashish uchun O`zbekistondagi faollar, diplomatik korpus vakillari, jurnalistlardan iborat qirqqa yaqin kishi to`plangan edi.

Umida Niyozova hibsxonadan sud binosiga olib kelinganiga qaramasdan, to`satdan sud qoldirilgani e’lon qilindi.

Umida Niyozovaning advokati Tatyana Davidova ham bu borada jurnalistlarga aniq ma’lumot taqdim eta olmadi.

Nima sababdan sud jarayoni 19 aprelga belgilangani, nima uchun qoldirilgani turli taxminlarga sabab bo`lmoqda.

Ayrim mulohazalarga ko’ra, Umida ustidan qo`shimcha tergov o’tkazilishi ham mumkin.

Umida Niyozovaning opasi Shahodat Niyozova bynday taxminlarni rad etib, sud raisi Umidaning ishini yetarlicha o`rganishga ulgurmagani uchun ham shunday qarorga kelgan deydi.

“Ehtimol bir kun, ehtimol bir hafta yoki bir oydan keyin bo`lar. Sud Umidaning ishini hali oxirigacha o`rganib chiqmagan, chunki ishning hajmi haqiqatan katta”, - deydi u.

Sud jarayonida ishtirok etish uchun kelgan kuzatuvchilardan biri, Toshpo`lat Yo`ldoshevning aytishicha, sud yig’ilgan odamarning ko`pligidan hayiqqan bolishi mumkin.

“Bu jarayonni siyosiy maqsadda tashkil qilgan tashkilotlarning o`zi ham vahimaga tushgan bolishi mumkin”, - deydi u.

Shu yilning yanvar oiydan hibsda saqlanayotgan Umida Niyozova O`zbekiston Jinoyat kodeksining 3 moddasi – chegarani noqonuniy buzib otish, kontrabanda yoli bilan olib kelingan aksilkonstitutsiyaviy materiallarni saqlash, diniy ekstremistik va xalqaro tashkilotlardan mablag` olish orqali jamoat xavfsizligiga tahdid soluvchi materiallarni tarqatishda ayblanmoqda.

Ma`lumotlarga ko`ra, Umidaning o`zi bu ayblovlarni rad etmoqda.

Umida Niyozova ishi bilan bo`gliq jarayonlardan O`zbekiston hukumati siyosiy maqsadlarda foydalanayotgani haqidagi fikrlar tez-tez yangramoqda.

Ozbekiston huquq himoyachilari tashabbus guruhi rahbari Surat Ikromov nazarida Yevropa Ittifoqida O`zbekiston masalasini muhokama qilish sanasi yaqinlashayotgan bir paytda bu masalaga e`tibor yanada kuchayadi.

“Bir paytlar prezidentning AQShga safaridan oldin AQSh talabiga ko`ra, mamlakatda inson huquqlari tashkilotlari ro`yxatga olingan edi. Yaqinda esa Germaniya Tashqi ishlar vaziri tashrifidan oldin bir necha siyosiy mahbuslar ozod etilishi talab qilingan, lekin faqat Ulug`bek Haydarov ozod qilindi. Shunaqa siyosiy o`yin qilinayapti”, - deydi Ikromov.

Kuzatuvchilar jurnalist Ulug`bek Haydarov, Yodgor Turlibekovlarning hibsga olinishi va ozod etilishini misol qilib keltiradi. O`zbekiston hukumati ularni hibsga oladi, deydi kuzatuvchilar, keyin esa rejim yumshaganligini ko`rsatish uchun ozod etadi.

XS
SM
MD
LG