Breaking News

O'zbekiston prezidentligiga da'vogarlar safi kengaymoqda


O`zbekiston huquq himoyachilari alyansidan O`zbekiston prezidenti saylovlarida ishtirok etishini ma`lum qilgan uchinchi nomzod – Adham Shoyimardonov. Uning aytishicha, saylovlarda qatnashishdan maqsad hokimiyat uchun kurash emas, balki O`zbekiston aholisini siyosiy faolikka chaqirish.

“Hali sovet ittifoqidagi o`tmishdan kelayotgan bir an’ana bor – yuqori lavozimga faqat hukumat tavsiya qilgan odamlar tayinlanishi kerak. Maqsad shunday an’analarni sindirish, O`zbekistonning istalgan oddiy fuqarosi o`z huquqlaridan foydalangan holda bu narsani xohlashi va amalga oshirishi mumkin”, - deydi u.

Shoyimardonov davlat idoralarida ishlamagan.

Uning fikricha, mamlakat ichkarisida siyosiy layoqatga ega mutaxassilar juda ko`p. Lekin ular hozircha jim turishibdi. Buning sababi, deydi u, mavjud tuzumda.

“Aholida hukumatga nisbatan ishonch qolmagan, sobiq sovet ittifoqi tuzumida kim hukumatga qarshi bo`lsa, ochiq gapirsa, dissidentga aylanardi, yo`qotilardi yoki qamoqqa tashlanardi. O`zbekistonning mustaqillik yillaridagi siyosati ham xuddi shu an`analarni takrorlanganini kuzatamiz, odamlar hukumatga ishonmaydi, qo`rqadi”, - deydi u.

Nomzod sifatida kurash olib borasizmi degan savolga javoban Adham Shoyimardonov yakka o’zi buning uddasidan chiqmasligini, lekin imkoniyat berilsa, albatta kurashishini, turli yer osti zahiralariga boy mamlakat iqtisodiyotini ko`tarish yo`llaridan xabardorligini aytadi.

Uning aytishicha, prezidentlikka nomzodini ko`rsatishdan asosiy maqsadi, birinchi navbatda, aholida davlat rahbari tayinlanishi kerak emas, saylanishi lozim, nomzodlarni tanlash imkoniyati bor degan tasavvur uyg`otish. Siyosiy faolikka chaqirish va huquq himoyachilarining xalq orasidagi mavqeini ko`tarishdir.

54 yoshli Adham Shoyimardonov Qishloq xo`jalik institutini o`rmonchilik mutaxassiligi bo`yicha tugatgan. Ekologik tashabbuslari bilan ham ma`lum. Saylov dasturida, asosan, ekologik masalaga urg`u qaratishini bildirmoqda.

Shu yilning dekabr oyida kutilayotgan prezident saylovlarida qatnashish istagini bildirgan mamlakat ichkarisidagi nomzodlar Adham Shoyimardonov bilan birgalikda uch kishiga yetdi.

Ularning hammasi O`zbekiston huquq himoyachilari alyansi tomonidan ko`rsatilgan. Bundan avval alyansning ikki a`zosi Jahongir Shosalimov va Abdulla Tojiboy o`g`li nomzod sifatida qatnashishlarini ma`lum qilgan edi.

Hozircha rasmiy hukumat, mavjud rasmiy partiyalar O`zbekistonda kutilayotgan saylovlar haqida biror ma`lumot bildirganicha yo’q.

O`zbekiston prezidenti Islom Karimov qonund belgilangan ikki muddatni ham o`tab bo`lgan.

XS
SM
MD
LG