AQSh kinosi oltin xazinasini tiklamoqda


Qisqa metrajli film - harakatlantirilgan suratga ovozni tushirish borasidagi ilk urinishlardan biri edi. Uning birinchi nusxasi Tomas Edisonning suratxonasida 1895 yili ishlangan bo’lib, unda Edisonning muhandislari skripka chalib, filmda raqs ko'rinishini aks ettirgan.

Bu noyob tarixiy asar yo’qolib ketishi mumkin edi. Biroq u Amerika filmlarini saqlab qolish dasturi doirasida qayta tiklanib, hozirda Kongress kutubxonasida saqlanmoqda. Gregori Lyukov kutubxonaning mazkur dastur bilan shug’ullanadigan bo’limining boshlig’i.

"Bizning kollektsiyamizdagi filmlarning ahamiyatli tarafi shundaki, bu tasmalarda kino chiqqandan beri 100 yillik davr ichidagi xalqimiz tarixi tasvirga olingan,"-deydi u.

Filmlarda, Amerika madaniyati ko’zga tashlanadi. Ular boshqa davlatlarda bo’lganidek, umumiy hayot yo’laklarini va umumiy munosabatlarni ifoda etadi. Hozirda dastur bo’yicha 400 ga yaqin filmni tiklash va ularni saqlash mo’ljallangan. Ularning soni yil sayin o’smoqda. Ular turli omillarga qarab tanlanadi.

Janob Lukov deydiki: "Bu filmlar Hollivudning eng zo’r filmlari emas, yoki Oskar olgan filmlar, yoki ko’pchilikka yoqqan filmlar emas. Ular mamlakatimiz uchun muhim bo’lgan film ishlab chiqarish sanoatining boshqa tomonlarini ochib bergan."

Bu filmlarning ayrimlari tijoriy maqsadda yaratilmagan. Shuning uchun ularni qayta tiklashga dasturdan bo’lak hech kim qiziqmaydi.

"Bizda “yetim filmlar” deb ataladigan butun boshli alohida toifadagi filmlar bor,"-deydi janob Lukov. "Ularga nisbatan hech kim mualliflik huquqiga ega emas, ya’ni hech kim ularni muhofaza qila olmaydi. Soqov, ovozsiz filmlar ana shu toifaga kiradi. Bundan tashqari ularning 70-80 foizi shu kungacha saqlanib qolinmagan."

"Nikotin Malikasi” deb atalmish mana bu film 1909 yilda maxsus effektlar durdonasi bo’lgan. Film qayta tiklangan. Undan kino olamida yaratilgan ilk video effektlar joy olgan. Atigi 5 daqiqalik ”Nikotin Malikasi” bugungi ko’ngil ochar filmlar va ko’rsatuvlardagi effektlarning qayerdan tomir otganini ko’rsatadi.

Ilgarilari filmlar xavfsiz sharoitlarda saqlanmagani uchun, tarkibida atsetat moddasi bo’lgan kinoplyonkalarning sifatlari yomonlashib, plyonkalar parchalanib ketardi.

Stiv Leget Kongress kutubxonasida kinoplyonkalarni saqlashning fizikaviy masalalari bilan shug’ullanadi. Uning hikoya qilishicha, 1950 yildan oldin ishlangan filmlarning tasmalari tarkibida tez olov oladigan nitrat moddasi bor edi. "Tasma o’qib bo’lmaydigan darajaga borib qolardi. 1950 yildan keyin esa tasmalardan sirkaning hidi kela boshladi va ular bujmayib qolardilar. Ishqilib, muammolar ko’p edi."

Biroq gap faqatgina negativlarni saqlab qolishda ketayotgani yo’q. Ayrim hollarda filmlarning butun boshli qismlari yo’qolib ketardi. “G’arbiy Frontda Tinchlik” deb nomlangan 1930 yilda suratga olingan va qayta tiklangan mana bu film Birinchi jahon urushi haqida bo’lib, uning yo’qolgan qismlarini chet-eldan topishga muvaffaq bo’lindi.

Grigoriy Lukovning aytishicha, bu xalqaro hamkorlikka aylangan. Kongress kutubxonasi boshqa mamlakatlar arxivlari bilan birga ish olib borib, yo’qolgan ko’plab Amerika filmlarini, ovozsizidan boshlab, AQShga qaytarish uchun harakat qilmoqda. "Ular AQShda saqlanib qolinmagan, biroq yillar o’tib, ularni Chexoslovakiya, Avstraliya, Yangi Zelandiya yoki Gollandiyadan topdik. O’sha paytlarda filmlar chet-ellarga tomosha uchun yuborilgan, biroq qaytarilmay, o’sha erlarda qolib ketgan,"-deydi mutaxassis.

Amerika hayotini namoyon qiluvchi bu filmlar, uning eng muhim eksport mahsulotlaridan biridir.

"Filmlar orqali o’zaro munosabatda bo’lamiz,"-deydi Grigoriy Lukov. "Ular orqali madaniyatimizni bir-birimizga tanishtiramiz. Umuman, kino umumiy tariximizga aylanib qolgan."

XS
SM
MD
LG