Breaking News

Muhojir askarlar fuqarolikka kirdi


Serjant Rosa Veston AQShga Meksikadan 20 yil avval kelgan. AQSh armiyasida o’tgan besh yildan beri xizmat qilib kelgan, ammo haligacha fuqarolikka qabul qilinmagan edi.

Texas shtatida bo’lib o’tgan marosimda, Rosa Veston va boshqa muhojir askarlar, harbiy havo va dengiz kuchlari vakillari sobiq prezident Bush va AQSh fuqarolik va immigratsiya boshqarmasi rahbari Eduardo Akvayr tomonidan qutlanib, ularga Amerika xavfsizligi yo’lida qilgan xizmatlari uchun tashakkur bildirildi.

"Meksikada tug’ilgan serjant Veston fidoiy askarlarimizdan biri,"-deya ta'kidladi janob Akavyr. "U Iroqda o’z burchini o’tab, oilasi - ikki o’g’li oldiga qaytdi. Aleks 12 yoshda, Edvard esa 9. Yolg’iz ona bo’lishiga qaramay, vatan xavfsizligi uchun qurbon bo’lishga tayyor ekanini isbotladi."

Fuqarolikni qabul qilgan harbiylarning ko’pi Iroqda yoki Afg’onistonda xizmat qilib qaytganlar. Ikkinchi jahon urushi faxriysi sobiq prezident Bush, AQShning bu yangi fuqarolarini vatanga sodiq va fidoiy insonlar, deb maqtadi:

"Shu muborak kunga yetganlar va yeta olmaganlar, ‘burch, sharaf va vatan’ degani oddiy shior emas, balki hayotini vatan yo’lida qurbon qilishga shaylanib yashash demakdir."

Sobiq prezident, sal o’tib, “bu marosim meni qattiq hayajonga soldi,” dedi:

"Marosim juda hayajonli o’tdi. O’z vatani yo’lida xizmat qilayotgan insonlarning uning fuqarosiga aylanishi, bilasizmi, kishining ko’zini yoshlamay qolmaydi. Bu juda ko’p narsani anglatadi. Bu vatanimiz uchun chuqur, kuchli ma’noga ega."

Dabdabali marosimda fuqarolikka kirgan zobitlar dunyoning 27 mamlakatida tug’ilgan kishilardir.

Iroqda xizmat qilib qaytgan harbiy mutaxassis Chi Sung AQShga 15 yoshida Janubiy Koreyadan kelgan. "Bag’oyat xursandman. Ko’p yil kutdim va mana, orzularim ushaladigan bo’ldi,"-deydi u.

AQSh havo kuchlari xizmatchisi Fernanda Xorn 11 yoshida Braziliyadan kelgan. Amerika fuqarosi bilan turmush qurgan. Fuqarolikka kirishim, meni haqiqiy amerikalik oila a’zosiga aylanishimdir, deydi u:

"To’la-to’kis a’zoman, desam arziydi. Bu yerda bir necha yildan beri yashayman. Bu mamlakatda, havo kuchlarida ko’p narsaga erishdim. Uni qaytaradigan vaqt yetdi. Endi 100 foiz shu yerning odamiman."

Hozirda AQSh qurolli kuchlari safida xizmat qilayotgan askarlarning 45 ming nafari Amerika fuqarosi emas. O’tgan yillar ichida jang maydonida halok bo’lganlar orasidan 50 dan ko’pi ham fuqaro emas edi. Yangi qonun muhojir askarlarning fuqarolikka kirish jarayonini tezlashtirishni talab etadi. O’tgan ikki yil mobaynida 16 ming askar fuqaro bo’ldi.

XS
SM
MD
LG