Breaking News

Sayyora tabiati tezlikda ifloslanib bormoqda


Bu ming yillikdagi tabiat ahvoli haqida izlanish olib borgan ilmiy guruh insonlarning ko’payishi va global iqlimning iliqlashishi mavjud 24 ekologik tizimning 15 tasi, jumladan okeanlar, o’rmonlar va yashil tekisliklarga salbiy ta’sir ko’rsatyapti, deb xulosa qildi.

"Tabiatning asosiy qismini tarixda ko’rilmagan qisqa vaqt ichida, yuqori darajada va katta hajmda buzib tashlashga ulguribmiz,"-deydi guruh rahbarlaridan biri, fan doktori Xal Maloni.

Birlashgan Millatlar Tashkiloti tashabbusi bilan chiqarilgan mazkur hisobotda oziq-ovqat, chuchuk suv va yonilg’iga talab oshgani haqida so’z ketadi.

1945 yildan beri XVIII-XIX asrlarda o’zlashtirilgan yer hajmiga teng maydon qishloq xo’jaligi qurboni bo’lgan. Jami baliqlarning chorak qismi suiste’mol qilinmoqda. Sut emizuvchi hayvonlar, qushlar va amfibik jonvorlarning 30 foizigacha turi yo’qolib borayotgan hayvonlar hisoblanadi. Dunyoning uchdan bir qismi chuchuk suvga zor; bu ahvol kelasi chorak asr ichida yanada salbiylashishi mumkin. Biroq boshqa omillar orasida, iqlimning o’zgarishi yerga eng katta zarar keltirishi muqarrardir, deydi Jahon banki tadqiqotchisi Robet Vatson:

"Iqlimning iliqlashishi kelasi yuz yil ichida tabiatga eng katta xavf tug’dirayotgan masala bo’ladi. Biz yonil’gi zararini kamaytirishimiz kerak; yonilg’i siyosatimizni qayta ko’rib chiqishimiz darkor."

Doktor Vatsonning fikricha, ulkan choralar ko’rilmas ekan, kelajagimiz unchalik nurli bo’lmaydi. Hukumatlar qishloq xo’jaligi, transport va energetika sohalarida islohotlar qilishi zarur.

"Qishloq xo’jaligi, energetika sohalarida hozirgidan ancha zararsiz texnik vositalar yaratib, ularni qo’llab, tabiatni tiklashimiz mumkin,"- deya ta'kidlaydi doktor Vatson.

BMT hisobotiga ko’ra, yuqoridagi choralar ko’rilmasa, ochlik, qashshoqlik va kasalmandlik kabi vabolar hukm suraveradi.



XS
SM
MD
LG