Kapitoliy Zinapoyalaridagi siyosiy satira


”Kapitoliy Zinapoyasi” deb ataluvchi teatr guruhi 1981 yilda tashkil topgan. Ijrochilarning ko’pchiligi Vashington shahrida voyaga yetgan, tajriba orttirgan kishilar. Brayan Ash, masalan, bir siyosatchiga ishlardi. " Guruhimiz AQSh Kongressida faoliyat ko’rsatgan va hozir ham ishlab kelayotgan musiqachi va siyosiy qiziqchilardan iborat,"-deydi u. "Oramizdan ikkitasi qonun chiqarish qo’mitasida ishlaydi. Jamoat ishlari bo’yicha va qonun chiqaruvchilar qo’li ostida ishlaydigan ijrochilar ham bor. Juda rang-barang guruh."

Guruh, asosan, siyosiy satira bilan shug’ullanadi. AQSh poytaxtidagi siyosiy manzarani aks ettiradi.

Jumladan, ayollarning jamiyatdagi roli haqidagi musiqiy dramadan olingan bir qo’shiq shu kunlarda mazkur guruhning, Xillari Klintonning siyosiy maqsadlari haqidagi satirik ashulasiga aylangan.


Ijrochilar, hatto, o’zlarining aslida kim ekanini ham mazah qilishadi. "Bu guruhga Rojdestvo, yangi yil bayramini nishonlab yurib, asos solingan. Aytishlaricha, Iso Masihning dunyoga kelishini sahnalashtirish uchun ijrochi qidirib, butun Kongressdan biror arzigulik odam topa olishmagan,"-deya hikoya qiladi Brayan Ash.

”Kapitoliy Zinapoyasi” tezlikda tanila boshladi. Ilk sahnalari namoyish etilgach, ularga professional ijrochilar guruhi deb nom berishdi. Muxlislar doirasi kengaydi.

Kevin Korbet guruhda besh yildan buyon ishlab keladi. U prezident Jorj Bush va sobiq prezident Bill Klinton rolini o’ynaydi. Aktyorning aytishicha, bu guruh siyosiy jihatdan xolis va muvozanatli hajviyalari bilan mashhur. Hech kimga yon bosilmaydi.

”Kapitoliy Zinapoyasi,” menimcha, teng imkoniyat taklif etuvchi tashkilot. Bu nafaqat tomoshabinlarga, balki o’zimiz uchun ham muhim. Toki odamlar bizni bu yerda faqat Bushni tanqid qilyapti deb o’ylamasinlar. Biz har qanday egrilikni oshkor qilib, uning asoschilarini mazah qilamiz,"-deydi janob Korbet.

Guruhning yana bir xususiyati shundaki, u ayni damga xos masalalarni ko’tarib chiqadi. Iroq urushidan tortib, prezident saylovlarigacha. Matbuot sahifalari chetda qolmaydi. Har bir ko’rinish eng so’nggi xabarga asosan sahnalashtiriladi. Biror muhim voqea yuz bergan taqdirda, u o’sha zahotiyoq bu sahnada o’z aksini topadi.

Brayan Ahsning aytishicha, ijrochilarga gapni yodlash uchun uzog’i bilan bir kun vaqt beriladi, xolos. "Kechki soat 9 da shouingiz bo’lsa, soat 5 da sizga o’zgartirilgan matnning nusxasini jo’natishadi, bugun shuni aytasan, deb."

“Kapitoliy Zinapoyasi” guruhi hozirda 1980-yillarda mashhur bo’lgan “U pul uchun qattiq ishlaydi” degan qo’shiqni endi “U mamlakat uchun qattiq ishlaydi” degan mavzuga o’girgan. Unda Bushning saylov va’dalari haqida gap ketadi.


XS
SM
MD
LG