Breaking News

Rim Papasi Vatikanda dafn etildi


Jahon katoliklari yetakchisi - Rim Papasi Jon Polning jasadi bugun, Vatikanning markaziy maydoniga yig’ilgan 300 ming ziyoratchi qarshisida o’tgan rasmiy motam marosimidan so’ng dafn etildi.

Undan avvalgi 264 papa kabi, Jon Pol ham Avliyo Petr Basilikasi deb ataluvchi ibodatxona tagiga ko’mildi. Ko’mish paytida faqat Vatikandagi keksa ruhoniylar va papaning yaqin do’stlari ishtirok etdi.

Katolik dunyosini o’tgan 26 yil mobaynida boshqargan Jon Pol 2 aprel kuni qator xastaliklardan vafot etgan edi. Uning asl ismi Karol Voytiya bo’lib, u Polshada tug’ilib, ulg’aygan.

Turli e'tiqod vakillari nazarida, Jon Pol oqil va adolatli dindor, jonkuyar va faol, tinchliksevar va bag'rikeng yetakchi edi.

Papani xotirlash va ta’ziya bildirish maqsadida Vatikanga turli mamlakatlarning rahbarlari, prezidentlar, bosh vazirlar, qirollar va malikalar tashrif buyurdi. AQSh tomondan prezident Bush va rafiqasi Laura, sobiq prezidentlar Jorj Bush va Bill Klinton hamda AQSh davlat kotibi Kondoliza Rays qatnashdi.

Motam va dafn marosimini jahon bo’ylab, to’g’ridan-to’g’ri yuz millionlab kishi tomosha qildi. Vatikanga esa so’ngi hafta ichida marhum Papani ziyorat qilish uchun minglab sayyohlar keldi.

Marosim so’nggida so’zga chiqqan notiqlar hamda ularning fikriga jo’r bo’lgan tomoshabinlar Jon Polni “avliyo” deb atash vaqti yetdi, deya hayqirishdi. Ma’lumki, nasroniylar dini odatlariga ko’ra, “avliyolik” ka yetish uchun ruhoniyning o’limidan keyin bir necha o’n yil vaqt o’tishi lozim.

To’qqiz kunlik motam ketidan, 18 aprel kuni katolik rahbariyati – 117 kardinal- Vatikanga to’planib, navbatdagi papani tayinlash jarayonini boshlaydi.

XS
SM
MD
LG