AQShda xalqaro talabalar soni kamaymoqda


2001 yil 11 sentyabridan keyingi mash'um voqealardan so'ng, AQSh hukumati xalqaro talabalar, muallimlar va tadqiqotchilar uchun viza olish talablarini kuchaytirdi.

Qattiq xavfsizlik choralari sabab chet-ellik professorlarning viza ololmaslik yoki viza berilgandan so'ng qaytarib olinish hollari matbuotda keng yoritilgach, yangi qoidalar natijasida AQSh o'zini dunyoning boshqa qismidan yakkalayapti, degan tanqidlar kuchaydi. NAFSA deb nomlangan Xalqaro ta'lim uyushmasining rahbarlaridan biri Viktor Jonson mamlakatga kirishni qiyinlashtirayotgan uzundan-uzoq nazorat choralari AQShni dunyoda mohov qilib ko'rsatmoqda, deb aytdi.

Biroq bu fikrga hamma ham qo'shilmagan ko'rinadi. Professor Pek Kun Xeng Malayziyadan kelib, Vashingtondagi Amerika Universitetida Osiyo mamlakatlari bo'yicha dars beradi. Uning aytishicha, AQSh hukumati Vashingtonda demokratiya va inson huquqlarini himoya qilish mavzusida tez-tez muloqot o'tkazib turadi. Bu esa uning xalqaro munosabatlarga bag'ishlangan darslarini qiziqroq o'tishida yordam beradi.

"Bu yerga kelib, katta va jiddiy mavzudagi suhbatlarda qatnashish va ularda janubi-sharqiy Osiyolik sifatida o'zimning fikrlarimni bildirish va ular orqali talabalarimni o'zgacha dunyoqarash bilan tanishtirish kishini rag'batlantiradi," deydi u.

Tahlilchilarning fikricha, xalqaro olimlar Amerika oliy ta'lim tizimining muhim qismidir.
2003 yili 84 mingdan ziyod chet-ellik tadqiqotchilar Amerika kollej va universitetlarida ish olib bordilar.

11 sentyabr voqealaridan so'ng AQShga kelib ta'lim oladigan xalqaro talabalarning soni 2 mingga qisqardi.

Bu raqamning bir qismi viza tizimining kuchayishiga aloqador emas, chunki talabalar sonining pasayishi, asosan, xitoylik va janubiy koreyalik talabalar hisobiga bo'ldi. Bu mamlakatlarda hozirda ta'lim tizimi kengayib, mahalliy mutaxassislarga talab kuchaygan.

Allan Gudmen AQSh Davlat departamentidagi Xalqaro ta'lim institutiga rahbarlik qiladi va Fulbrayt dasturi doirasida ham ish olib boradi.

"Chet-ellik professorni bu yerga kelib, dars berishiga yoki amerikalik olimning Yevropa yoki Yaqin Sharqqa borib dars berishi yoki ta'lim olishining umumiy sabablari o'zgargani yo'q," deydi u. "Ular hali ham ilmga tashnalar. Ular hali ham ana o'sha maqsadda boshqa mamlakatlarga borib kelyaptilar. Gap shundaki, 11 sentyabrdan keyin jarayon qiyinlashdi."

Biroq Viktor Jonsonning aytishicha, chet-elliklar Amerikada xush ko'rilmaydilar degan, fikr Amerikaga zarar yetkazishi mumkin.

"AQSh olimlarning kelib ishlashlari uchun yaxshi universitetlarga va ilg'or tadqiqot markazlarga boy yagona davlat emas," deb xavotirlanadi Jonson. "Shu bois kerakli darajada mehmondo'st bo'lmasak, olimlarni yo'qotib qo'yishimiz mumkin."

NAFSA AQSh hukumatini viza berish jarayonini soddaroq qilishga, davlatlardagi konsullarga aniqroq yo'llanmalar berishga, konsullarning sonini ko'paytirib, butun viza berish jarayoniga oydinlik kiritishga chorlamoqda. AQSh hukumati jarayonni yengillashtirish bo'yicha ayrim choralarni ko'rganiga qaramay, ular chet-eldagi munosabatlarda o'z aksini hali-beri topganicha yo'q.

Allan Gudmenning fikricha, AQShning chet-ellik olim va tadqiqotchilariga talabning yana bir sababi shundaki, ular orqali amerikalik talabalar va professorlar o'zga madaniyat vakillari bilan muloqot qiladilar.

Uning aytishicha, amerikalik talabalarning bir nechasigina chet-elga chiqib, u yerdagi olimlar bilan muloqotda bo'layotgan bir paytda, ularning aksariyati ilm ahli uchun qiziq va muhim bo'lgan xalqaro munozaralardan bahramand bo'la olmayapti.

XS
SM
MD
LG