Jismonan, ruhan chiniqish yurakni davolaydi


Sakson yoshli Jozef Mazzetta yetti yil avval angina, ya’ni bo’g’ilish kasalligiga duchor bo'lgan edi. Yuragiga kislorod yetmasdi. "Nafas olishga qiynalardim, ko’kragim qisardi,"-deydi u.

Bugunga kelib esa ahvoli yaxshi. Dyuk Universitetidagi tibbiyotchi olimlar tomonidan o’tkazilgan ilmiy tajribada qatnashgan 134 bemorning biri sifatida Mazzetta qator ko’riklardan o’tdi.

Tadqiqot uchun bemorlarni uch guruhga bo’lishdi. Bir guruh jismoniy mashq qildi, ikkinchisiga ruhiy mashg’ulotlar berildi, uchinchi guruh esa doimiy muolaja jarayonidan o’tkazildi. Maqsad to’rt oylik muolaja natijasida bemorlarning ruhiy holatini tiklash edi. Amerika Tibbiyot uyushmasining jurnalida bosilishicha, ruhiy va jismoniy mashqlar katta yordam berdi.

"Ruhiyatni mustahkamlash va jismoniy sog’likni ta’minlash bo’yicha o’tkazilgan mashg’ulotlar yuragi qisiladigan, nafas olishga qiynaladigan bemorlarning ahvolini ancha tuzatdi,"- deydi izlanishga boshchilik qilgan Doktor Jeyms Blumental. "Tajribada qatnashgan bemorlar nafaqat ruhiy, balki jismoniy foyda ham ko’rishdi. "

Ruhiy bosim yoki tushkunlikka uchragan bemorga kishining nerv tizimini mustahkamlovchi mashg’ulotlarda qatnashish tavsiya etiladi. Bunda qonni yurakka yetkazmayotgan torayib qolgan tomirlar kengayadi. Tajribada ishtirok etgan, qon tomiri, qon bosimi bilan bog’liq kasalliklardan azob chekuvchi bemorlar o’zlarini yaxshi his qilishayotganini bildirishyapti.

"Biz bemorlarga ruhiy bosim, siqilish aslida nima ekanini aytib, ularga bu holga chek qo’yish yo’llarini o’rgatdik,"-deya qo'shadi Doktor Blumental. Uning fikricha, shifokorlar yurak bemorlariga jismoniy va ruhiy mashg’ulotlarni tavsiya etishi zarur.

"Ko’pchilik shifokorlar bunda dorining o’zi yetadi, deb o’ylashadi. Ammo, bizning tadqiqotimiz shuni isbotladiki, yurakni davolash uchun bemorning jismoniy va ruhiy holatini mustahkamlash darkor."

Jozef Mazzetta kuniga uch xil dori ichadi, shuningdek, jismoniy mashqlar qiladi. "Yashashni xohlayman. Buning uchun mashq qilmasam bo’lmaydi,"-deydi u, jilmayarkan.




XS
SM
MD
LG