Breaking News

AQShda chet-ellik talabalarning kamayishi uning obro'si bilan bog'liq


Bugungi kunda Amerikadagi oliy o’quv yurtlarida o’qiyotgan xalqaro talabalarning soni ancha kamaygan. O’tgan o’nlab yillar ichida ilk marta, chet elda o’qishni istagan yoshlarning ko’pchiligi AQShga kelishni ma’qul ko’rishmayapti.

Endilikda bilimga chanqoq kishilar Avstraliya, Britaniya, Kanada, Gong Kong, Singapur, Xitoy va Hindistonga yo’l olmoqdalar.

Natijada AQShdagi universitetlarga xujjat topshirayotgan chet-ellik abiturientlar soni ikki foizga kamaygan. Ba’zi oliygohlarda ko’rsatkich hatto 23 foizni tashkil etadi.

Virjiniya shtatidagi Jorj Meyson Universitetitida dunyoning 140 mamlakatidan kelgan yoshlar bilim oladilar. Biroq so’nggi yillar ichida bu oliygohda ham chet-elliklar soni kamaydi. Sabab - viza olish qoidalarining o’zgargani, deydi universitetga talabalarni qabul qilish idorasi rahbari Andryu Flagel:

"Viza va immigratsiya jarayonidan o’z vaqtida o’tishga muvaffaq bo’lib, AQShga kira olayotgan talabalar soni haddan tashqari kamayib ketdi. Bu hol bizga ham o’z ta’sirini ko’rsatyapti, ayniqsa magistratura darajasi doirasida. Shuningdek, chetdan xujjat topshirayotganlarning foizi pasaygan."

Xalqaro o’qituvchilar uyushmasining aniqlashicha, AQShda o’qishning yanada qimmatlashgani ham chet-elliklarni boshqa yerda o’qishga undamoqda. Janob Flagelning fikricha, ingliz tilida gaplashuvchi boshqa mamlakatlar bu sohada AQShning keskin raqobatdoshiga aylangan.

"Avstraliya, Britaniya universitetlari, hatto boshqa davlatlardagi yangi oliygohlar ham o’zlarini tashviq qilishga juda usta bo’lib ketishgan. Yaqin kelajakda Amerikadagi universitetlar chet-ellik yoshlarni o’zlariga qaratish uchun biror yangi yo’llar o’ylab topmasa bolmaydi,"-deydi janob Flagel.

Jorj Meyson Universiteti talabasi Marko Kayafa Daniyadan kelgan. “Bizda yoshlar Yevropada o’qishni, u yerning o’quv tizimini ma’qul ko’rishadi, chunki AQShga viza olish qiyin,” deydi u.

"Yevropada bilim olish biroz boshqacha. Yevropaliklar, jumladan, mening vatanim Daniyadagi yoshlar Angliyaga borib, o’qishni istashadi. Chunki u yerdagi o’quv tizimi bizning mamlakatimizdagi ta’lim tizimiga, shuningdek, talabalar istagan sohalarga mos keladi."

Fanta Ov - Vashingtondagi Amerika Universitetining Xalqaro talabalar markazi direktori. Uning aytishicha, AQShda chet ellik yoshlar kamayotgani Amerikaning xalqaro maydondagi obro’siga uzviy bog’liq.

"2001 yilning 11 sentyabridagi voqealar ketidan ro’y bergan ba’zi salbiy hollardan keyin, AQSh tashqi dunyo nazarida avvalgidek mehmondo’st mamlakat emas,"-deydi mutaxassis. "Bunday munosabatni yengish uchun qanchalik urinilmasin, uning ta’siri juda kuchli ekanini ko’rib turibmiz. Ayniqsa, Yaqin Sharqda AQSh chet-elliklarni xushlamaydi, degan fikr hukm suradi. Shu bois, avval ko’p sonda AQShga o’qishga kelib yurgan yaqin sharqlik talabalar soni kamayib ketgan."


Malayziyalik Anisa Ismoil Amerika Universitetida birinchi kursda o’qiydi. Shu kungacha AQShdagi hayotidan juda xursand. “Ammo Malayziyadagi o’rtoqlarim, Amerika 11 sentyabr voqealaridan keyin chet ellik yoshlarning bilim olishi uchun xavfsiz joy emas deb, hisoblashadi,” - deydi u. "AQShga o’qishga ketayotganimni eshitib, ba’zi kishilar mendan “nega u yerga ketyapsan, xavfli emasmi, qorqmaysanmi,” deb so’rashdi. Tog’risini aytsam, ularning savollaridan ajablandim. Lekin ko’pchilik shunday fikrda."

AQShga o’qishga kelayotgan chet-elliklarning soni 11 sentyabr voqealaridan oldin ham ancha pasayib borayotgan edi. Jorj Vashington Universitetining magistratura va doktorantura bo’yicha qabul qilish idorasi direktori Kristin Vilyams xalqaro talabalar soni 1998 yildan beri kamayishda davom etyapti, deydi u.

"2001 yildan buyon magistrlik va doktorlik uchun xujjat topshirayotgan va qabul qilinayotgan chet-elliklar soni deyarli sakkiz foizga pasaygan,"- bildiradi Vilyams xonim. "Xujjat topshirayotganlarning soni kamaygani bilan, xalqaro abiturientlarning sifati oshganini kuzatyapmiz. Aminmanki, Jorj Vashington Universiteti, qolaversa AQShda ta’lim olishga qiziqqan, shuningdek, bu yerda tajriba orttirish ishtiyoqidagi kishilar mamlakatimizga kelishda davom etaveradi. Biroq odamlarning biror qarorga kelishida mish-mishlarning ta’siri borligini ham yaxshi bilamiz."

Jorj Meyson Universiteti singari chet-ellik talabalarga kengroq quloch ochishni istagan oliygohlar hozirda Xitoy, Germaniya, Birlashgan Arab Amirliklari kabi mamlakatlardagi universitetlar bilan xalqaro almashinuv dasturlarini yo’lga qo’ymoqda.

Mutaxasssilarning fikricha, o’zaro fikr almashinuv, AQSh ta’lim tizimining afzal tomonlarini tashviq qilish, hamda immigratsion qoidalarni yengillashtirish bilan Amerikada bilim olishni istagan yoshlar sonini ko’paytirish mumkin.

XS
SM
MD
LG