Zaiflashayotgan xotira va aqliy qobiliyatni mustahkamlovchi yangi vosita


Amerikada to'rt yarim millionga yaqin kishi Altsgeymer kasalligi, ya'ni xotira va aqliy zakovatning zaiflashishidan azob chekadi. Xastalik asta-sekin kishini xotiradan va fiklash qobiliyatidan ayirishi mumkin. Natijada bemor boshqalar bilan aloqada bo'lolmaydi, mustaqil harakat qila olmaydi, qolaversa doimiy yordamga muhtoj bo'lib qoladi. Shu kungacha bu mudhish kasallikning aniq davosi topilmagan. Ammo, yaqinda unga chalina boshlagan kishilarning ahvolini mo'tadil saqlovchi, kasallik belgilariga qarshi kurashuvchi yangi vosita rasta yuzini ko'rdi.

Shifokorlarning aytishicha, 74 yoshli Fransis Richmond yengil ko’rinishdagi aqliy zaiflikka uchragan. "Narsalarni qayerga qo’yganimni, tanishlarning ismini eslolmay qoldim,"-deydi bemor.

AQShning Roud Iyland shtatidagi Braun Universiteti professori Stefen Sallovey kasallikni shunday ta’riflaydi:

"Gap shundaki, kishi qisqa vaqt oralig’idagi narsalarni eslolmay qoladi: gazetada nima o’qigani, qanday kino tomosha qilgani yoki telefonda nima haqida gaplashganini."

Biror chora ko’rilmasa, hozircha yengil deb qaralayotgan holat ko’pchilik bemorlarni bora-bora xotiradan ayirishi mumkin.

Yaqinda ishlab chiqilgan Aricept dorisi inson xotirasining zaiflanish jarayonini susaytiradi. Vosita miyadagi nerv hujayralarini orasidagi aloqani mustahkamlaydi. Holati yengil kishilar, qolaversa Altsgeymer kasalligiga uchragan, ya’ni xotirasini yo’qotgan bemorlar ham bu doridan foyda ko’rishyapti, deydi shifokor Ronald Petersen:

"Bu dori bemorni, iloji boricha, “Altsgeymer kasalligiga yo’liqibsan,” degan tashvishdan saqlaydi. Uni ichgan kishilarda aqliy zaiflikka uchrash kuzatilmaydi. O’qish, yozish, hisoblash, qolaversa mulohaza qilish kabi qobiliyatlar asrab qolinadi."

Ba’zi hollarda, Aricept ichgan bemorlarning holati uch yilgacha barqaror turgan. Olimlarning fikricha, nihoyat insonni eslay olish, o’rganish va fikrlashdek qimmatbaho qobiliyatlardan mahrum etuvchi kasallikni kechiktira oladigan vosita topildi.

XS
SM
MD
LG