Bezgakka qarshi yangi vaktsina sinovdan o'tmoqda


Hindiston fanlar akademiyasi tashabbusi asosida chop etiluvchi "Current Science," ya'ni zamonaviy ilm-fan jurnalida bildirilishicha, olimlar dunyoda shu paytgacha yashab o'tgan insonlarning yarmi bezgak kasalligi tufayli hayotdan ko'z yumgan deb hisoblaydilar. Bezgak har daqiqada uch bolaning hayotiga zomin bo'ladi.

Yangi vaksina yaratish jahon ilm-fan ahlidan eng murakkab vazifalarni va tinimsiz izlanish, tekshirish va ixtiro qilishni talab qiladi.

1885 yilda Vashington shahridagi Volter Rid harbiy tadqiqot institutida bezgakka qarshi ilk vaksina sinab ko’rilgandi. Vosita o’shanda uncha samara bermagan.

Shundan beri qator ijobiy siljishlar bo’ldi. Ammo, deydi bezgak vaksinasi bo’yicha bosh shifokor polkovnik Grey Xeppner, parazit tarqatadigan kasalning oldini olish qiyin. "Hozirgacha parazitni butunlay yenga oladigan vaksina bo’lmagan. Parazitdan keladigan kasallikning oldini oluvchi vaksina yo’q."

Ayni damda, AQShda va Afrikada bezgakka qarshi ikki turli vaksina- RTS va MSP-1 sinovdan o’tmoqda. "Vaksina ikka maqsadni amalga oshirish uchun mo’ljalallangan: biri bezgakning oldini oladi, ikkinchisi esa yuqib ulgurgan kasallikni yengillashtiradi,"- deydi doktor Xeppner.

Mikrobiolog va katta ilmiy xodim Evelina Angov va uning guruhi bu vaksina loyihasi ustida o’tgan 10 yildan beri ter to’kib kelmoqda. Olimlar parazit bilan bellasha oladigan oqsil ishlab chiqishdi. U inson immunitetini bezgakka qarshi shaylaydi. "Bu oqsil moddasi, bir qarashda, parazitning ijobiy ko’rinishi desak bo’ladi,"-deydi tadqiqotchi.

Vaksinalarni sinash juda xavfli ish. Tibbiyot fanlari doktori Jek Vilyams issiq va dim muhitda o’tirib, minglab chivin boqadi. U hashoratlar va bezgak yuqishini o’rganuvchi laboratoriyaga rahbarlik qiladi. " Biz bu chivinlarni haftasiga ikki marta qon bilan boqamiz. Bu laboratoriyada taxminan yetti-sakkiz ming chivin bor,"-deya izohlaydi u.

Chivinlarda sun’iy ravishda bezgak paraziti yuqtiriladi. Tadqiqot ishlari yetti qatlam eshik ortida olib boriladi. Inshootda kuchli xavfsizlik choralari o’rnatilgan. Janob Vilyamsning aytishicha, har bir kartonda bezgakka chalingan uch-to’rt yuz chivin bor.

Chivinlar tajribada qatnashayotgan ko’ngilli kishini chaqqach, texnik xodima Megan Davler hasharotlarga inson qonini beradi. Maqsad – bu yo’l bilan chivindagi parazitni odam qoni tarkibiga o’tkazish. "Qorni to’ygan chivinning qorni qizillashadi,"-deydi mutaxassis.

Shundan so’ng, qorni to’q chivinlar laboratoriyada mayda qismlarga bo’linadi va ulardagi parazit moddasi o’rganiladi.

Tadqiqot uchun ishlatiladigan vaksinalar saqlanadigan maxsus muzlatgich bor. Undagi vaksina turlari tarkibiga ko'ra, sinflarga bo’lingan. "Mana bunisi tekshiruv uchun ishlatiladigan bezgak vaksinasi,"-deya ko'rsatadi doktor Kent Kester. U vaksina tadqiqoti bilan 90-yillar boshidan beri shug’ullanib keladi. Shu paytgacha vaksinaning 20 turi ustida ishladi. O’tgan 15 yil ichida, klinik sinovlar uchun 500 nafarga yaqin ko’ngilli kishiga bezgak yuqtirdi. O’zi ham ularning birida qatnashib, ataylab kasallikka chalindi. Yangi vaksinadan umidimiz katta, deydi u: "Menimcha, bu vaksina katta samara beradi. Uzoq yillardan beri yaratilgan eng kuchli vosita."

Hozircha, bu vaksinalarni a’lo, deb bo’lmaydi. Ular bir necha oylik ta’sirga ega, xolos. Buning ustiga ularni yaratish juda qimmatga tushadi. Natijada tadqiqot ham susayadi.

Doktor Xeppnerning aytishicha, qoshimcha bezgak oqsili yaratilib, alohida parvarishlanmoqda. Agar samara bersa, bu modda yangi vaksina tarkibidagi integral moddaga aylanadi. "Bezgakka qarshi vaksinaning hozirgi nusxasi harbiy talabga javob bermaydi, ya’ni uzoq davrlik ta’sirga ega emas. Ammo, uning xalq salomatligiga foydasi katta bo’ladi. Dunyo boylab, bezgakdan har daqiqada uch go’dak jon beradi, axir,"-deydi u.

Doktor Xeppnerning fikricha, bezgak kasalligi xavfini tamoman yenga oladigan vaksina yaratilishi uchun yana 10 yilcha vaqt kerak. Vaksina ishlab chiqarish, uni tarqatish va moliyalash bilan shug’ullanuvchi kompaniyalar va muassasalardan tashqari yana xalqaro hamjamiyatdan ham keraklicha faollik talab etiladi, deydi olim.

Zarur mabla’g ajratilgan taqdirda, 2025 yilgacha bezgak xavfi yuqori mintaqalardagi 70 million kishini unga qarshi emlash mumkin bo’ladi.



XS
SM
MD
LG