Breaking News

AQShda sanoat josusligi katta muammoga aylanmoqda


Britan kompaniyasi hisoblangan BAE Systems ning Shimoliy Amerika bo'yicha bo'limining xavfsizlik bo'yicha vitze-prezidenti Tomas Langerning aytishicha, "agar bozorda raqobatga bardosh bera olsangiz, o'zingiz ishlab chiqqan texnologiyangiz bo'lsa-yu, uni o'g'irlatib qo'ysangiz, undan nusxa ishlab chiqarish oson bo'ladi va bu nusxani boshqa mamlakatga sotsa bo'ladi. Yoki biron-bir jinoiy guruh uni qo'lga kiritmoqchi bo'ladi."

Jon Tyorner baxtiga qarshi, jinoyatchilar uning video orqali so'zlashish uchun ishlatiladigan moslamani chiqaruvchi Polikom deb nomlangan firmasidan texnologiya o'g'irlashgan.

"Bizning texnologiyamiz bo'yicha ishlangan mahsulotlarning aniq nusxasini boshqa bozorlarda, mualliflar huquqi himoyalanmaydigan mamlakatlarda ko'rib qoldik," deydi u.

Uning aytishicha, bu bozorga kirishga intilayotgan kompaniyalar muhandislarining ishi. Ular hattoki mahsulotlarini ham Polikomnikiga o'xshatishgan. "Mutaxassis bo'lmagan odam haqiqiysini soxtasidan ajrata olmaydi," deydi u.

Sanoat josusligi judayam oddiy g'oyadir. Bu boshqalarning biznes sirlarini o'rganib, o'g'irlab, o'z foydasi yo'lida ishlatishdir. Tadbirkorlarning axborotini, ya'ni savdo sirlarini o'g'irlash bilan intellektual xususiy mulkni o'g'irlash, ya'ni savdo belgisi qayd qilingan yoki qonun tomonidan patentlash orqali yoki himoya ostiga olingan g'oyalarni o'g'irlash hollari keng tarqalgan.

Jorj Vashington nomidagi universiteti professori Elias Karayannisning aytishicha, bu muammoning nafaqat korporasiyalarga, va hattoki mamlakatlarga ham salbiy ta'siri katta.

"Josuslik urushga o'xshab, diplomatiyaning boshqa bir ko'rinishidir. Biroq bu ancha tinchroq jangovar harakatdir, chunki u orqali muhim va qimmatli axborot olinadi va nazorat qilinadi. Masofalar ham uncha katta rol o'ynamaydigan bo'ldi," deydi professor.

Dunyo texnologiyasi ilg'ori bo'lmish Qo'shma Shtatlar sanoat josusligining asosiy nishoni bo'lib qolmoqda, deydi Kleyt Lem, Federal qidiruv byurosining shpionajga qarshi kurash bo'limi vakili.

"FBR ning 2004 yilga nisbatan qilgan hisobiga ko'ra, zararning hajmi 130 bilan 330 milliard dollar atrofidadir. Bizning axborotimizga ko'ra, 15 yoki 16 davlat bu borada juda agressiv tarzda AQShni nishonga olgan. Ularning ichida ashaddiylari Xitoy bilan Rossiya," deya ma'lumot beradi Lem.

AQSh qonunchiligi bo'yicha sanoat va iqtisodiy josuslik o'rtasida farq bor. Sanoat josusligi raqobatchilik ustuvorligini ta'minlash maqsadida bir kompaniyaning boshqa bir kompaniya sirini o'g'irlashdir. Biroq FBR ni ko'proq iqtisodiy josuslik tashvishga soladigan ko'rinadi.

"Sanoat josusligining iqtisodiy josuslikka aylanishi uchun biron-bir davlatning qo'li borligi aniqlanishi zarur. Chet-el kompaniyasining AQSh kompaniyasi sirlarini o'g'irlash iqtisodiy josuslikka yetarli asos bo'lib xizmat qilmaydi. Bunday harakatning orqasida chet-el hukumati turishi kerak," deydi yana o'sha FBR vakili.

Bunday jinoyatlar 1996 yilda kuchga kirgan Iqtisodiy josuslik qonuniga asosan ta'qib qilinadi. Lemning fikricha, ularning qo'li bor iqtisodiy shpionajlarning aksariyat foizi ikkilamchi maqsadga ega. Birinchisi, boyish maqsadini ko'zda tutgan bo'lsa, ikkinchisi harbiy yoki milliy xavfsizlik maqsadlariga mo'ljallangan.

Xavfsizlik nuqtai-nazardan kelib chiqqan holda, AQSh Davlat departamenti nozik texnologiyalarni boshqa davlatlarga eksport qilishni ta'qiqlab qo'ygan.

"Masalan, tunda ko'rish durbinlari. Biz uchinchi avlod tunda ko'rish durbinlarining bir necha mamlakatda ishlatilishini istamaymiz. Ularning eksporti bilan shug'ullanadigan shaxslar qonun oldida javob beradilar," deydi Lem.

Natijada, ko'plab AQSh kompaniyalari ayrim qoidalarga rioya qilishlari zarur. O'z mahsulotlarini ochiq holda sotish bilan birga, ularni o'g'irlanishidan himoya qilishlari shart.

"Kompaniyalar mahfiy axborotini qo'lga kiritish maqsadida, turli xil metodlar qo'llanilmoqda. Biroq uning mulkiga doir axborotni qo'lga kiritish uchun, uning yuragiga yo'l topa olish kerak, ya'ni kompaniya ichida, axborotga kaliti bor odamni bilish kerak," deb o'z fikrini bildiradi Lem.

Agar bunday odamni topish va og'dirish mumkin bo'lmasa, Internet yordamga kelishi mumkin, deydi BAE Systems vitse-prezidenti Tom Langer.

"Olingan ma'lumotlarga ko'ra, tegishli xavfsizlik choralari ko'rilmagan kompyuterdagi axborotni 40 daqiqa ichida o'g'irlash mumkin ekan. Buning uchun maxsus programmalar ishlatiladi. Ular surunkasiga 24 soat, haftasiga 7 kun, kompyuterning nozik joylarini qidiraveradi. Topganda esa, uni o'ziga ko'chirib oladi."

Tobora ko'proq kompaniyalar kompyuter tizimi xavfsizligini ta'minlash uchun, turli hil choralar ko'rmoqdalar.

"Resurslar va axborot texnologiyalarni, tarmoqni va boshqa nozik ma'lumotlarni himoyalash uchun yetarli darajada mablag' ajratish zarur. Bundan tashqari, xizmatchilarni ogoh bo'lishga o'rgatish kerak. Ular ko'p narsadan ko'z-quloq bo'lib turishlari lozim," deydi Langer. "Kompaniyaning zarari narxi tushgan aktsiyalar, yo'qotilgan ishchi joylar va korporasiya samarasining susayishiga olib kelishini aynan ular birinchi bo'lib anglab yetmog'i lozim. Firma va bizneslarning o'z resurslarini himoya qilishlari 21- yoki 20-asrga xos narsa emas. Masalan, 1474 yili Venesiyada shunday qonun bo'lib, unga ko'ra kimki chetdan yangi moslamani olib kelsa, u o'sha moslamani ishlatish huquqiga ega bo'lardi. Yoki 19-asrning boshida Amerikada to'qimachilik sanoati Angliyadan o'g'irlangan texnologiya, ya'ni suv yordamida ishlaydigan tikuvchilik stanoklari, hisobiga tezda rivojlanib ketdi."

Professor Karayannis sanoat josusligining oxiri hali beri ko'rinmaydi, deydi.

"Shpionaj, umuma olganda, inson tabiatining bir qismidir. Biz shunchalik darajada qiziquvchan mavjudot bo'lganimiz uchun ham rivojlanib keldik. Josuslikdan holi bo'lish mumkin emas, biroq uning hajmini kamaytirish mumkin."

Bu esa kelgusi yillar mobaynida ham biznes rahbarlar, ham diplomatlar muhokama qiladigan muhim masala bo'lib qolmoqda.

XS
SM
MD
LG