Atom qurolidan kim birinchi voz kechadi?


Yadroviy qurollarni tarqatmaslik haqidagi xalqaro bitim atom quroliga ega bo’lmagan davlatlarning yadroviy texnologiya izlanishini ta’qiqlaydi. Bitimga asosan bunday qurollari bor besh yirik mamlakat - AQSh, Britaniya, Frantsiya, Xitoy va Rossiya yadroviy arsenalidan voz kechishi lozim.

Vashingtondagi Strategik va xalqaro tadqiqotlar markazi vakili Pramit Mitraning fikricha, yuqoridagi davlatlar mazkur talabga javob bergan taqdirda yadroviy qurollar ishlab chiqarishga urinayotgan boshqa mamlakatlar ham bu yo’ldan ketishi mumkin.

- Ammo talab hali bajarilgani yo’q. Yadroviy omborlar ancha bo’shagan, lekin yirik davlatlar haligacha yadroviy qurolsizlanish rejasi bilan chiqqanlaricha yo’q.

Yaqinda Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh kotibi Kofi Annan, boshqa mamlakatlar orasidan asosan Qo’shma Shtatlar va Rossiya hukumatlarini yadroviy qurollardan kechish uchun ko’proq va ildamroq harakat qilishga undadi.

- Avvalo Sovuq urush davrida bir-biriga raqib bo’lgan mamlakatlar bu muhim qadamni qo’yish uchun sidqidildan bel bog’lasin. Toki yadrovy qurollar soni minglab sondan yuzga tushsin.

Isroil, Hindiston va Pokiston kabi mamlakatlar ham endilikda o’z atom qurollariga ega, ammo haligacha ularni tarqatmaslik bitimiga imzo chekishmagan.

"Davlatlar orasida o’zaro ishonch yo’q,"-deydi sharhlovchi Mitra. "Fikrimcha, AQSh Hindiston va Pokiston kabi mamlakatlarni ishontirish uchun oldin o’zi atom qurollaridan voz kechishi kerak."

Ayni damda xalqaro hamjamiyatni Shimoliy Koreya va Eronning yadroviy dasturlari ko’proq tashvishga solmoqda. Eronning bosh diniy peshvosi Oyatulloh Ali Xomeneyi Eronga atom dasturi bilan nima qilish kerakligini aytishga hech bir davlatning haqqi yo’q, deydi. Yevropa Ittifoqi dastur evaziga qanchalik iqtisodiy yordam taklif qilmasin, Eron atom rejasidan qaytishni istamaydigan ko’rinadi. Mamlakat tashqi ishlar vaziri Kamol Xarroziy yaqinda BMT vakillariga shunday dedi:

-Eron yadroviy texnologiya sohasidagi barcha qonuniy cheklovlarga rioya qilgan holda, tinch maqsadlar yo’lida, uranni boyitishni davom ettirishga bel bog’lagan. Uning tinch maqsadda ekanini kafolatlashga tayyormiz.

AQSh va boshqa davlatlar anchadan beri Shimoliy Koreyani yadroviy texnologiyaga ega deya, ayblab kelardilar. Shu yil boshida Shimoliy Korea atom bombasi borligini ochiq tan oldi.

Yaqinda Vashingtonda Frantsiya tashqi ishlar vaziri Mishel Barnier bilan muzokara qilar ekan, AQSh Davlat kotibi Kondoliza Rays Amerika Shimoliy Koreya solayotgan yadroviy xavfga qarshi kurashishga tayyor ekanini ta’kidladi.

- AQSh Osiyo va Tinch okeani mintaqasida bu xavfga qarshi chora ko’rish uchun barcha muhim, qayd etaman, barcha muhim vositalarga ega. Shu bois, menimcha, Shimoliy Koreyaga qarshi javob berishga kuchimiz yetishiga shubha qilmaslik kerak.

Prezident Jorj Bush Shimoliy Koreya rahbari Kim Chen Irni keskin tanqid ostiga olib, bu davlat bilan qilinadigan diplomatik muzokaralarda uning qo’shnilari, ayniqsa Xitoy, qatnashishi lozim, deydi.

Olti-tomonli muzokaralar, ya’ni AQSh, Janubiy Koreya, Xitoy, Yaponiya va Rossiya ishtirokidagi uchrashuvlarda Shimoliy Koreyaga atom dasturini bekor qilish evaziga unga qarshi qo’yilgan iqtisodiy sanksiyalarni olib tashlash taklif qilinmoqda. Biroq shu paytgacha urinishlar hech bir samara bergani yo’q. BMTning atom energetikasi bo’yicha xalqaro boshqarmasi shu kunlarda Shimoliy Koreyani muzokaralarni qayta boshlashga undamoqda.





XS
SM
MD
LG