Breaking News

Pentagon bu yil ham jangchi robot ixtirosi uchun musobaqa e'on qilgan


AQSh Mudofaa vazirligi, ya’ni Pentagon o’tgan yili butun koinotni nazorat qiluvchi robot texnologiyasini ishga solish maqsadida yangi loyiha boshlagan edi.

Loyiha bo’yicha olimlar o’rtasida musobaqa e’lon qilingan. Kimki inson ishtirokisiz ishlaydigan vosita yaratib, uni AQShdagi dashtlikda 280 kilometrlik masofani bosib o’tish sinovidan o’tkaza olsa, marra uniki. Mukofot 2 million dollarga teng.

Shu kungacha bu sovrin hech bir tadqiqotchi guruhga nasib etgani yo’q. Ammo musobaqada yangi ixtirosi bilan qayta qatnashish umidida yurganlar kam emas.

Robot askar vazifasini bajaruvchi vositani yaratish ishtiyoqida yonayotganlardan biri Devraj Sandu bo’lib, u hozirda Virjiniya shtatidagi Ensco ixtirochilar guruhi bilan ishlamoqda. O’qiyotgan maktabi tabiiy fanlar va texnologiyada ixtisoslashgan. Bu musobaqa men uchun ulkan imkoniyat, deydi Devraj.

-Maktabimda bittasi tennis koptogini topib, olib keladigan robot yasayapti. U bir video kamera va masofani kuzatadigan kichkina asbob ishlatyapti, xolos. Bundan tashqari, u lego va kichik turdagi kompyuter qismlaridan foydalanyapti.

Devraj Sandu Ensco tadqiqot kompaniyasi qoshida yangicha mashina ustida bosh qotirar ekan, yonida uning to’rt kursdoshi ham bor. Talabalar yo’lidagi jismlarni aniqlab, ularni yonlab o’tish qudratiga ega mazkur vosita uchun kompyuter programmasini ishlab chiqishyapti.

- Men buni kelasi yig’ilishgacha bitira olaman, deya olish kishiga ishonch beradi. Professional programmistlar qatorida teng qaralsangiz, kishi o’zini nihoyatda yaxshi his qilarkan.

Tadqiqotchilar guruhiga Gari Karr boshchilik qilmoqda. Pentagon musobaqasi yangicha tadqiqotlar uchun yo’l ochmoqda, deydi u.

- Nazarimda, mudofaa vazirligi o’ziga ko’pchilikni jalb qiladigan, turli shakldagi yangicha vositalar ishlab chiqarilishini istaydi. Umid qilamizki, biz yaratayotgan mashinalar ana shunday kelajak mashinalari qatoridan o’rin oladi.

Olimning fikricha, musobaqada qatnashish kompaniyalar uchun yangi texnologiyalar ishlab chiqishda, qolaversa yangi biznes imkoniyatlarini topishda katta yordam beradi. Jumladan, u boshchiligida yaratilgan vositaga bir temir yo’l kompaniyasi buyurtma berdi.

Janob Karrning aytishicha, Devid deb nomlangan bu mashina o’tgan yili Pentagon musobaqasidan o’ta olmadi, ammo u temir yo’llarni kuzatishda, tozalashda va u yerdagi kamchiliklarni topishda juda qo’l kelmoqda.

Pentagon musobaqasi shu yilning oktyabrida yakunlanadi. Guruh esa nafaqat yangi xaridorlar topishni, balki eng asosiysi, dashtlikdagi sinovdan muvaffaqiyatli o’tishni mo’ljallamoqda.


XS
SM
MD
LG