Prezident Bushning Yevropaga safari Gruziya tashrifi bilan yakunlandi


AQSh prezidenti Jorj Bush o'zining Yevropaga qilgan to'rt mamlakatlik safariga Gruziyada yakun yasadi. Janob Bush poytaxt Tbilisidagi Ozodlik maydoniga to'plangan deyarli yuz minglik gruziyaliklarga murojaat etib, Gruziyani dunyodagi "ozodlik mash'ali" deb atadi.

Prezident Bush sobiq Sovet Ittifoqining bu mamlakatiga Moskvadan keldi. Ungacha Bush Gollandiya va Latviya kabi mamlakatlarga ham tashrif buyurdi.

Tbilisining sobiq Lenin maydonida va hozirgi Ozodlik maydonida 2003 yil noyabr oyida "atirgullar inqilobi" amalga oshib, sobiq prezident Eduard Shevardnadze iste'foga chiqishga majbur bo'lgan edi. Aynan o'sha maydondan Bush Gruziya prezidenti Mixail Saakashvili hamrohligida ko'p ming sonli odamlarga murojaat etdi.

O'z nutqida prezident Bush Gruziyaga Iroqdagi xalqaro koalitsiya tarkibiga o'z qo'shinlarini yuborganligi uchun va Iroqdagi ahvol qiyinlashishiga qaramay, qo'shinlarni qaytarib olmaganligi uchun o'z minnatdorchiligini bildirdi.

Undan sal oldin ikki prezidentlar ishtirokida bo'lib o'tgan matbuot anjumanida Jorj Bush Moskvaga qilgan tashrifi davomida prezident Vladimir Putin bilan Gruziyaga tegishli masalalarni ham muhokama etganini ma'lum qildi. Xususan Gruziyada qolgan ikkita Rossiyaga tegishli harbiy bazalarini yopish haqida. Gruziya rahbariyati anchadan beri buni Rossiyadan talab qilib kelayotgan edi. Bundan tashqari Rossiya qo'shinlarini Gruziyadan olib chiqib ketishga tegishli hujjat Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkiloti vositachiligida 1999 yili imzolangan edi.

"Prezident Putin 1999 yilgi hujjat esida borligini va uning majburiyatlarini bajarishga tayyor ekanligini menga bildirdi," dedi Putin bilan bo'lgan uchrashuviga ishora qilib president Bush

Yaqinda Rossiya mudofaa vaziri Sergey Ivanov harbiy bazalarni yopish uchun to'rt yil vaqt ketishini va ular 2008 yilgacha yopilishini ma'lum qilgan edi.

XS
SM
MD
LG