AQShda umumiy haydovchilik guvohnomasi bo'ladi


Amerika Qo'shma Shtatlari shaxsiy guvohnomani berish qoidalarini belgilovchi yangi qonun chiqardilar. Kongress uni tasdiqlasa, uch oy ichida u barcha 50 shtat hududida kuchga kirishi lozim bo'ladi. Bu - AQShda shu paytgacha bo'lmagan umummamlakat shaxsiy guvohnomasini joriy qilish degani.

Deyarli bir asr davomida haydovchilik guvohnomasini chiqarish har bir shtatning ihtiyorida edi. Umumdavlat tizim yo'q edi. Hozirda AQShning 11 shtati fuqaro bo'lmaganlar uchun haydovchilik guvohnomasini beradi. AQShda bu guvohnoma mashina haydashdan tashqari ichki pasport vazifasini ham o'taydi. U bilan samoletda uchish yoki bankda hisob raqamini ochish mumkin.

Konservativ Heritage Foundation tashkilotida milliy xavfsizlik masalalari bilan shug'ullanuvchi Alan Kochems, guvohnomani olish juda oson deydi.

11 sentyabr fojeasini amalga oshirgan 19 kishining, bittasidan tashqari, har birida, AQSh guvohnomasining kamida bir xili bo'lgan. Ular soxtalashtirilgan edi. Bu fojeaning oldini olish uchun, 11 sentyabr komissiyasining tavsiyasiga ko'ra, federal hukumat haydovchilik guvohnomasini olish uchun umumiy standart tuzishi zarur.

"Haqiqiy guvohnoma" deb nomlangan yangi qonun, haydovchining guvohnomani olishi uchun shaxsni belgilovchi kamida to'rt xil hujjat ko'rsatishini talab qiladi. Haydovchi haqidagi barcha ma'lumot shtat axborot bazasiga kiritiladi va umummamlakat axborot bazasiga ham jo'natiladi.

Mazkur qonun muallifi respublikachi kongressmen Jeyms Sensenbrennerning aytishicha, yangi "Haqiqiy guvohnoma" qonuni amerikaliklarning xavfsizligini yanada ko'proq ta'minlaydi.

"Bu choralar terroristlar va jinoyatchi chet-elliklarning jamiyatimizda bemalol yurishini qiyinlashtiradi," deydi u.

Biroq boshqa mutaxassislarning fikricha, yaxshigina moliyaviy qudratga ega terroristlarning qora bozorda shaxsiy guvohnomalarni soxtalashtirishlariga pullari bemalol yetadi. Amerika fuqarolik erkinliklari ittifoqi vakili Tim Sparapani, yangi qonun odamlarga xavfsizlik kengaydi degan tasavvurni beradi xolos, deydi.

"Shunday bir vaziyatga duch kelamizki, unda amerikaliklar ilk bor o'zlari haqidagi eng qaltis va shaxsiy axborot bilan ulashishlari kerak bo'ladi. Jinoyatchi, terrorist yoki o'g'rilarning eng epchili uchun bu axborotni ular saqlangan bazadan o'g'irlash unchalik qiyin ham bo'lmay qoladi."

Sinchkov yo'l bilan olingan guvohnoma, shuningdek, amerikaliklar bunga qarshi chiqqan umummamlakat shaxsiy guvohnomasiga aylanadi.

"Bu ilk bor umummamlakat shaxsiy guvohnomasiga aylanadi," deydi Tim Sparapani. "Kartochkani bir yurgizish orqali odamlarni bir shtatdan boshqa shtatga ko'chishini nazorat qilsa bo'ladi."

"Bu nihoyatda noto'g'ri fikrlash," deb e'tiroz bildiradi Alan Kochems. "Bu umummamlakat guvohnoma bo'lmaydi. Bu qonun orqali shtatlar guvohnomada qanday axborot bo'lishi kerakligi haqida federal hukumatdan yo'llanmalar oladi."

Janob Sparapanining aytishicha, "Haqiqiy guvohnoma"ni qo'llab-quvvatlaydiganlarning asl maqsadi AQShga kirayotgan odamlarning sonini kamaytirish.

"Aksil-terror chorasi deb ko'rsatilayotgan bu narsa aslida immigrantlarga qarshi choradir."

"Bu immigrantlarga qarshi qonun emas," deya yana o'z e'tirozini bildiradi Alan Kochems. "Chunki AQShga qonuniy kelgan, yomon niyatdan xoli har bir kishi guvohnomani qo'lga kiritishi mumkin bo'ladi. Bu chora faqatgina mamlakatimizga daxli yo'q va bu yerda noqonuniy bo'lganlarga qarshi qaratilgandir."

Janob Sparapani, bu chora odamlarning AQShga noqonuniy kirib kelishining oldini to'liq olmaydi, deydi. Ular haydovchilik guvohnomasidan voz kechsa bo'ldi, hech kim ularni nazorat qila olmaydi.

"Bu bilan mamlakatimizda nomi yo'q, surati yo'q oilalarga ega bo'lamiz xolos."

Ayrim shtatlar yangi qonunga bo'ysunmasliklarini e'lon qildilar. Biroq federal qonunchilik qonunning har bir shtatda uch yil ichida to'la-to'kis kuchga kirishini tayinladi. Qonunga bo'ysunmagan holda, o'sha shtat yashovchisi umummamlakat guvohnoma talablariga javob bermaydigan hujjat bilan ucha olmaydi, shtatma-shtat poezdda yura olmaydi yoki hukumat binosiga kira olmaydi.

XS
SM
MD
LG