AQShda muhojirlarga bo'lgan munosabat


Qo'shma Shtatlar muhojirlar vatani, biroq ularga bu yerda odamlar turli xil munosabatda bo'ladilar. Muhojirlar ko'plab boradigan shtatlardan biri - Kaliforniyadir. Kaliforniya shaharlari muhojirlarni o’ziga magnit kabi tortadi. Ular bu yerga kelib, joylashib, oz’larining yangi vatanida yangicha o’zlik yaratishadi.

Los Anjelesda armanlar, afrikaliklar, taylar, eronliklar va boshqa turli xil millat vakillari yashaydi. Aynan shu yerda koreys va fillipinliklarning chet-eldagi eng katta diasporalari joylashgan.

Muhojirlar asosan o’z vatandoshlari yashaydigan tumanlarga kelib joylashishni qulay deb topadilar. San Fransiskoda xitoylik va taylar Chaynataun, ya’ni xitoyliklar shahrida yashaydilar. Bu yerda ularning etnik taomlarini-yu, vatanlaridan keltirilgan oziq-ovqatlarni, shuningdek zarur ijtimoiy muassasalarni topsa bo’ladi.

Ko’pchilik savdo bilan kun kechiradi. Liang Liang Shanxaydan kelgan. Amakisi bilan o’zlarining Los Anjelesdagi kichkina do’konlarida ishlaydi. Uning aytishicha, mijozlarining aksariyati koreys, filippin yoki meksikalik. Ular o’z tillarida yoki juda buzuq ingliz tilida so’zlashadilar.

Kaliforniya shtati aholisining uchdan biri ispan tilida so’zlashadigan turli millat vakillarini o’z ichiga oladi. Shtat bir vaqtlar Ispaniya mustamlakasi bo’lgan Meksika tarkibiga kirgan. Ayrimlarining tarixi o’sha mahalga borib taqalsa, boshqalari yaqinda immigratsiya qilgan. Ularning ichida noqonuniy muhojirlar ham bor.

Ayra Melman Amerika immigratsiya qonunini islohot qilish federatsiyasi vakili. Uning fikricha, noqonuniy muhojirlikka chek qo’yish zarur. U, shuningdek, qonuniy muhojirlikning hajmini pasaytirish kerak, degan fikrda. Yer yuzida yuz millionlab odamlar Amerikaga ko’chib kelishni istaydi, biroq Qo’shma Shtatlar hammasini ham qabul qila olmaydi, deydi u.

"Bilasizmi," deydi u, "1830 yilda yer yuzida odamlarning soni ilk bor bir milliardga yetgan edi. Bugun esa olti yarim milliardmiz. Har o’n yilda dunyo aholisi bir milliardga ko’payadi. Oldin sayyoramiz, qit’amiz aholisi siyrak bo’lganda ishlatilgan qoidalarni, bugunga kelib qo’llab bo’lmaydi."

O’tmishda immigratsiyani cheklash uchun ko’p harakat bo’lgan. Ayrimlar immigratsiya mahalliy aholini ishchi joylaridan mahrum qilyapti, deb xavotir olgan bo’lsa, boshqalarni o’zga madaniyatlarning Amerikaga kirib kelishi cho’chitib keldi. XIX asr davomida va XX asr boshida immigrantlarga qarshi chiqishlar asosan Kaliforniyada bo’lgan.

Tarixchi Syuzen Goldstayn San Fransisko jamoat kutubxonasida ishlaydi. O’sha davrda bitilgan pop-musiqasi va chiqarilgan xabarnomalar Xitoy va Yaponiyadan kelayotgan muhojirlar oqimi xavfi haqida ogohlantirgan.

"Ishchilar harakati odamlarni xitoyliklarga, so’ngra esa yaponlarga qarshi San Fransiskoda namoyishlarga chiqishlarini undab, varaqalar tarqatgan," deb tarixni eslatadi u. "Bizda hattoki shunday sigara qutisi borki, uning yonida “oq tanli erkaklar tomonidan tayyorlangan” degan yozuvi bor. Ya’ni oq tanli sigara chekuvchilarga, bu osiyoliklar qo’lida tayyorlanmaganligini ko’rsatish uchun qilingan."

Los Anjeles jamoat aloqalari bo’yicha komissiya vakili Robin Tomaning ta’kidlashicha, turli din, millat va elat vakillari o’rtasida ziddiyatlar chiqib turishi mumkin. Mazkur tashkilot 1940 yillarda Los Anjelesda etnik qon to’kilishlar sodir etilgandan so’ng tashkil topgan. Komissiya maktab va mahallalarda ta’lim kampaniyalarini o’tkazib, nafrat asosidagi jinoyatchilikni va millatlar orasidagi ziddiyatlarga barham berishga bel bog’lagan.

'Muammoni rad eta olmaymiz. Gap uni qanday hal qilishda. Unga parvo qilmay, odamlarning ahvoliga parvo qilmay, muammoni o’z holiga qo’ygan ma’qulmi yoki jamoatchilikni bundan xabardor qilib, muammoni birga hal qilgan ma’qulroqmi?"

Ko’plab mahallalarda ingliz tili darslari yoki boshqa ta’lim dasturlari yangi kelgan muhojirlarga jamiyatga tezroq ko’nikishlari uchun taklif etiladi. O’z millatiga mansub guruhlar esa o’zligini saqlab qolish uchun ularga yordam qiladi.

Kaliforniyadagi Davlat siyosati instituti vakili Mark Baldassar keltirgan ijtimoiy so’rovlarga ko’ra, kaliforniyaliklarning aksariyati noqonuniy immigratsiya shtat resurslarini quritadi deb o’ylaydi, ammo umuman olganda immigrantlar haqidagi fikrlar ijobiy.

"Nazarimda, Kaliforniya katta bir qozon," deydi Mark Baldassar. "Bir vaqtlar Ellis oroli ham Yevropadan kelgan immigrantlarga shunday tuyulardi. Bu qozonda Osiyo, Lotin Amerikasi, Yevropa va Yaqin Sharqdan kelayotgan odamlar qaynaydi. AQShga kelayotgan ko’pchilik muhojirlar aynan shu qozondan chiqib mamlakatning boshqa joylariga ko’chadilar. Ular AQShni xilma-xil va ko’ngli ochiq, deb biladilar."

Tomas Rivera nomidagi institut vakili Xarri Peykon, immigratsiya AQShning shaklini va madaniyatini o’zgartirmoqda, deydi. Kalifroniyada bu yaqqol sezilmoqda. U yerda oq tanlilar endilikda ko’pchilikni tashkil qilmaydi.

"Bu qaynoq qozon va XXI asrdagi yangi Amerika. XXI asrning keyingi o’n-yilliklarida oq tanlilar sal qorayadigan ko’rinadi. Ba’zilarga bu yoqmasligi mumkin, ba’zilar esa buni Amerika madaniyati uchun sog’lom belgi deb bilmoqdalar."

XS
SM
MD
LG