AQSh Andijondagi voqealarga nisbatan o'z munosabatini bildirdi


O'zbekiston qo'shinlarining Andijondagi qurolsiz fuqarolarga qarata o't ochib, o'ldirganligi haqidagi xabarlar AQSh hukumatini bezovta qilmoqda. Guvohlarning gapiga qaraganda, yuzlab odamlar notinchlik natijasida halok bo'ldilar, biroq bu raqamlar hali tasdiqlanganicha yo'q. O'zbekiston Bosh prokuraturasining xabariga ko'ra, rasman 169 kishi halok bo'lgan, biroq inson huquqlarini himoya qilish va muxolif partiyalarning bergan xabariga ko'ra, so'nggi kunlarda 745 ga yaqin odam halok bo'lgan.

Andijonda boshlangan tartibsizliklarning oldini olish maqsadida o'zbek qo'shinlari Andijon yaqinidagi yana bir shahrni o'rab olishdi.

O'tgan jumadagi namoyishlar qurollangan odamlar Andijondagi qamoqxonaga kirib, mahbuslarni ozod etgach boshlandi. Ularning ichida terrorizmga aloqasi borligida ayblanayotgan 23 ishbilarmon ham bor edi. Ular ustidan sud endigina bo'lib o'tib, hukm chiqqan edi. Ularning fikricha, ayblov qalbakilashtirilgan.

Mamlakat prezidenti Islom Karimov fojeada hukumatini ag'darmoqchi bo'lgan islom radikallarini aybladi.

Biroq Vashingtondagi Strategik va xalqaro masalalar markazi vakili Kori Veltning aytishicha, bunda islomiy chaqiriqlardan tashqari boshqa gap ham bor.

"Muammo ijtimoiy va iqtisodiydir," deydi u. "Muammo hukumatda, jamiyatni yopib qo'yishida, so'nggi paytlardagi siyosiy va iqtisodiy jihatdan yo'l qo'ygan xatoliklarida. Bularning barchasi odamlarni jar yoqasiga keltirib qo'ydi. Bunday vaziyatdan chiqish oson emas. Muammoning aynan shu jihatlari haqida bosh qotirmog'imiz lozim."

Andijonda inson huquqlari tashkilotlarini himoya qiluvchi tashkilot rahbari Saidjahon Zaynobitdinov ham namoyishda ishtirok etganlarning islomiy harakatga daxli yo'qligini tasdiqlaydi. Uning aytishicha, ular, asosan, O'zbekistonning nochor iqtisodiy ahvoliga qarshi namoyish uyushtirdilar.

"Namoyishchilarning hokimiyatga hech qanday da'vosi yo'q. Bu hayotdan to'ygan odamlardir. Ular ko'chaga chiqishga majbur bo'ldilar."

Zo'ravonlik jahon bo'ylab shov-shuvga sabab bo'ldi. AQSh Davlat departamenti matbuot kotibi, Richard Baucher, "o'tgan juma kuni O'zbekiston hukumatining namoyishchilarga qarshi o'q otganligi haqidagi xabarlar, AQShni xavotirga soldi", dedi.

"Biz O'zbekiston hukumatini bizning faktlarni yig'ishimiz uchun va u yerda yordamga muhtoj odamlarga yordam ko'rsatishlari uchun mintaqaga Xalqaro Qizil Xoch Qo'mitasi va boshqa halqaro insonparvarlik tashkilotlarining kirishiga ruxsat berishga bir necha bor undadik. Biz, shuningdek, odamlarning bo'layotgan voqealardan boxabar bo'lib turishlari uchun, hukumatdan yangiliklar [UzTV dan boshqa telekompaniya va kanallar orqali] translyatsiyalarini va Internetga aloqani tiklashni ham so'radik."

Iroqdan kutilmagan tashrifdan so'ng qaytayotgan AQSh Davlat kotibi Kondoliza Rays, "O'zbekiston siyosiy jihatdan o'ta yopiq", deb aytdi. "U yerda kengroq siyosiy islohotlarning o'tkazilishi haqida O'zbekistonga biz anchadan beri aytib kelganmiz." Biroq, dedi u, bu bilan O'zbekiston terroristlarga yoki terroristik guruhlarga yon bossin degani emas.

O'zbekiston AQShning terrorga qarshi urushidagi ittifoqchisi bo'lib, AQShning Af'gonistonda harbiy maqsadlarda ishlatishi uchun mamlakatdagi o'z harbiy bazasini bergan.

Mabodo hukumat qo'shinlarining yuzlab namoyishchilarni otib o'ldirganligi haqidagi xabarlar tasdiqlansa, u holda bu O'zbekiston 1991 yili mustaqil bo'lib, Sovet Ittifoqi qulagandan so'nggi end mudhish zo'ravonlik bo'lgan bo'lar edi. Eslatib o'tish joiz, prezident Karimov o'sha paytlardan beri hukumat tepasida turibdi.

XS
SM
MD
LG