Breaking News

Vashingtonda Andijondagi qurbonlarni xotirlab tinch namoyish o'tdi


Chorshanba kuni poytaxt Vashingtonda bir necha kishi Andijonda halok bo'lganlarni xotirlab, O'zbekiston elchixonasi qarshisiga to'plandilar. Ular orasida AQSh, O'zbekiston, Qirgi'ziston va Qozog'iston fuqarolari bor edi.

"To'planishimizdan maqsad - qurbonlarning xotirasini yod etish, O'zbekistondagi vaziyat haqida kengroq ommani boxabar qilish va O'zbekiston elchixonasidan motam ramzi sifatida davlat bayrog'ini tushirishni so'rash," - dedi namoyish tashkilotchilaridan biri Nigina Malikova.

Elchixonadan namoyishchilar bilan muloqotga hech kim chiqmadi.

Namoyishda ishtirok etgan Eymi Jonson bir vaqtlar Qarshida yashaganini aytib, "O'zbekistonda vaziyat yaxshilanib, kelajakda odamlar qo'rqmasdan, o'z fikrlarini erkin bildirishlari mumkinligiga umid bog'layman,"-dedi.

AQSh Davlat departamenti matbuot kotibi Richard Baucher, "O'tgan juma kuni O'zbekiston hukumatining namoyishchilarga qarshi o'q otgani haqidagi xabarlar, AQShni xavotirga soldi," -dedi.

"AQSh diplomatlari o'zbek hukumatini zo'ravonlikdan o'zini tiyishga chorlab kelmoqda va zo'ravonlik hech qanday uzoq-muddatli barqarorlik keltirmasligini tushuntiryapmiz,"-dedi janob Baucher. Qo'shma Shtatlar, shuningdek, Andijondagi qamoqxonaga qurolli hujum qilinganini ham qoraladi.

XS
SM
MD
LG