AQSh O'zbekistonga nisbatan aniq siyosat yuritishga chaqirmoqda


Markazi Venada joylashgan, inson huquqlari bo'yicha Xelsinki Federatsiyasi hamda O'zbekiston Inson huquqlari jamiyati o'tgan hafta Andijon shahrida yuz bergan qonli voqealarda bir mingga yaqin qurollanmagan odam halok bo'lgan va ikki ming kishi jarohatlangan, deya davo qilmoqda.

O'zbekiston hukumati esa uning qurolli kuchlari gunohsiz fuqarolarga qarshi o't ochmaganini qayd etadi. Prezident Islom Karimov hukumat va jangarilar o'rtasida kechgan to'qnashuvda 169 nafar kishi o'lganini ta'kidlaydi.

Biroq Qirg'izistondagi o'zbek qochoqlari buni rad etishmoqda. O'zini Mahmud deb tanishtirgan andijonlik otishmada yaralanganini aytib, jumladan shunday dedi:

- Haloyiq ayollarni o'rtaga olib, jipslasha boshladi. Shunda askarlar bizni o'qqa tutishdi.

Farg'ona vodiysining Qorasuv shahrida hukumat qo'shinlari u yerda islomiy davlat tuzishni istagan jangarilarga qarshi hujum qilib, shaharda o'z nazoratini o'rnatgan. Jangarilar yetakchisi Bahtiyor Rahimov hibsga olingan.

Vashingtonda esa 19 may kuni Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkilotiga qarashli Helsinki Kommissiyasi O'zbekistondagi ahvolni tahlil qilish maqsadida bir necha ekspertlar ishtirokida majlis o'tkazdi.

Eslatib o'tish joizki, AQSh Xelsinki Komissiyasida to'qqiz senator, to'qqiz kongressmen va Davlat departamenti, ya'ni tashqi ishlar vazirligi, Mudofaa vazirligi hamda Moliya vazirligidan uch vakil o'tiradi. 1976 yilda joriy etilgan mazkur kommisiyaning asosiy vazifasi Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkiloti qo'ygan shart va qoidalarning qanday bajarilayotganini kuzatish.

Xalqaro Tinchlik uchun Karnegi Jamg'armasi ilmiy xodimi Marta Olkott, O'zbekistonda hukumat o'zgarishi Gruziya yoki Ukrainadagi kabi silliq kechmasligi mumkin, deya mulohaza yuritdi.

- Balki muxolifatning odamlar orasidagi obro'si ortishi bilan rahbariyat xalqni do'q qilib yoki kuch ishlatib, idora qilish mumkin emasligini anglab, zaiflasha boshlar.

O'zbekiston, ma'lumki, terrorga qarshi urushda AQShning yaqin hamkori.

Xalqaro diniy erkinliklar bo'yicha AQSh komissiyasi raisi Maykl Kromarti ham Xelsinki kommissiyasi a'zolari oldida so'zlar ekan, AQSh O'zbekiston hukumatiga nisbatan yakka bir ovozda gapirayotgani yo'q, dedi:

- O'tgan yili Davlat departamenti inson huquqlari ahvoli yaxshilanmayotgani sabab O'zbekistonga beriladigan moliyaviy yordamni qisqartirgan edi. Oradan bir oy o'tib, AQSh Mudofaa vazirligi O'zbekiston hukumati uchun mablag' ajratdi.

AQSh, Birlashgan Millatlar Tashkiloti va Britaniya Andijondagi voqealar ustidan musqatil tekshiruv o'tkazishga chaqirgan edi. Ammo prezident Karimov bu O'zbekistonning ichki siyosati deb bu taklifni rad etdi.

XS
SM
MD
LG