Pentagon: Quronning oyoq osti qilinganiga asos yo'q, ammo tekshiruv ketyapti


AQShda chop etiluvchi Newsweek siyosiy-tahliliy jurnalining 9 maydagi sonida AQSh armiyasi tergovchilari terroristlikda ayblanayotgan mahbusni so’roq qilish paytida uni gapirtirish uchun Qur’onni hojatxonaga tashlab yuborgani tasdiqlandi, deb axborot tarqatgan edi.

Xabar Afg’oniston, Pokiston va boshqa musulmon davlatlarida keskin norozilikka sabab bo’lib, to'polonlarda 17 kishi halok bo’ldi.

Bush ma’muriyati va qonun chiqaruvchilar jurnalni faqat bitta manbaga asoslanib, AQSh armiyasiga nisbatan shunday katta aybni qo’yganlikda tanqid qilishyapti.

Newsweek jurnali muharririyatining bildirishicha, yuqori lavozimli manba maqola chop etilgach, avvalgi gapidan qaytgan va muxbir Maykl Isikoffga bergan ma’lumotining to’g’riligiga shubha bildirgan. Jurnal bosh muharriri Mark Viteker:

- Hammaning nazari maqolaning aynan o’sha qismida ekanini va ming afsuslar bo'lsinki, unda bizning xatomiz borligini hisobga olib, maqolani bekor qildik.

Oq Uy matbuot kotibi Skott Maklellan, "Maqolaning bekor qilinishi ijobiy qadam, ammo Newsweek bunday noto’g’ri ma’lumotni qanday olganini aytishi kerak,"- dedi.

Mudofaa vaziri Donald Ramsfeld va General Richard Mayerzning ma’lum qilishicha, Pentagon mazkur ma’lumot ustidan tekshiruv boshlagan.

"Biz 25 ming betlik hujjatni tekshirib, tahlil qilib chiqdik va jurnalda bitilgan voqeani tasdiqlovchi hech qanday dalil topmadik,"-dedi General Mayerz.

"Afsuski, shu maqolani deb, odamlar halok bo’ldi. Odamlar nima qilayotganlari singari, nima deyayotganlaridan ham ehtiyot bo’lishlari kerak,"- dedi vazir Ramsfeld.

AQSh Davlat departamenti matbuot kotibi Richard Baucher Newsweekning javobini salbiy baholadi.

- Maqoladagi ma’lumotning noto’g’ri ekani ma’lum bo’lgach, xatoni to’g’rilash uchun muharririyatdan keskin chora ko’rish kutiladi. Ammo biz buni ko’rmayapmiz. Ma’lumotning dunyo bo’ylab qanday oqibatga olib kelganiga guvohmiz axir.

Newsweek jurnalida bosilgan xabarga o’xshash, Guantanamoda AQSh harbiylari Qur’onni oyoq osti qilgan, degan ma’lumotlar avval ham chiqqan edi.

2004 yilning oktyabr oyida Guantanamodagi qamoqxonada o’tirib chiqqan britaniyaliklar AQSh qo’riqchilari mahbuslarni qattiq tahqirlab, jumladan Qur’onni hojatxonaga uloqtirdi, degan ayblov qo’yishgan edi.

XS
SM
MD
LG