AQSh Kongressida Eron masalasi ko'rib chiqildi


Eronning yadro faoliyatini davom ettirishi haqidagi bayonoti AQSh qonun chiqaruvchilarini bezovta qilib, bunga javoban qanday harakat qilishni o'ylantirib qo'ydi. Rasmiy Tehronning aytishicha, tez kunlarda Yevropa rahbarlari bilan bo'lgan uchrashuv natijasidan qat'iy nazar, olti oy ilgari to'xtatilib qo'yilgan uranni qayta ishlash jarayoni davom ettiriladi.

AQSh Davlat kotibining o'rinbosari Nikolas Byorns bunga javoban shunday dedi:

"Bizning Tehronga gapimiz shu: Parij Shartnomasidan qaytmanglar, atomni rivojlantirishga tegishli har qanday faoliyatdan o'zingizni tiying va muzokaralar orqali atom yonil'gisini olishga bog'liq faoliyatning barchasiga chek qo'yinglar."

AQSh Senatining xalqaro aloqalar qo'mitasida Eronning atom dasturi AQShga to'g'ridan-to'g'ri xavf tug'dirayotganligini aniqlash bo'yicha tinglov bo'lib o'tdi. Atom qurollari bo'yicha mutaxassis Gari Milxollinning ta'kidlashicha, Eronning terroristik guruhlar bilan aloqasi bor, ular esa o'z navbatida AQShga qurolni olib kirishi mumkin.

"O'ylaymanki, agar eronliklar o'ntacha atom bombasiga ega bo'lsalar va biz bilan urush masalasi ko'ndalang bo'lub qolgudek bo'lsa, ular bombaning birini raketaga qo'ymasdan AQSh ichkarisiga olib kirishlari mumkin bo'ladi," deydi Milxollin.

Agar Eron atom dasturini yangilasa, Yevropa Ittifoqi masalani BMT Xavfsizlik Kengashi majlisida ko'tarishi haqida ogohlantirgan edi. Biroq, deydi senator Jo Bayden, bu choraning salbiy tomoni ham bor.

"Agar biz Xavfsizlik Kengashiga murojaat qilsak, biz o'zimiz hohlamagan narsaga duch kelib qolishimiz mumkin bo'ladi. Va bu narsani biz yo qabul qilishimiz kerak bo'ladi, yo bir taraflama harbiy harakatga tayyorlanish kerak bo'ladi."

Eron uning atom dasturi qurol emas, balki faqatgina qo'shimcha energiyani ishlab chiqarishga qaratilganini bir necha bor ta'kidlab kelgan. Ayrim senatorlar eronliklarning dasturga nisbatan munosabatlari bilan qiziqdilar. Xalqaro tinchlik uchun Karnegi jamg'armasi vakili Jorj Perkovich, eronliklar uchun atom dasturi milliy g'urur bilan bog'liqligini aytdi:

"Eronliklar "bunday texnologiyaga buyuk mamlakatlar ega bo'ladi. "biz buyuk sivilizatsiya davomchilarimiz, biz judayam aqllimiz, bu ish bizning qo'limizdan keladi, nega endi AQSh bizni bu ishdan to'xtatmoqchi, ular Eronni davlat sifatida ko'ra olmaydilar, ular inqilobimizni esdan chiqargan ko'rinadilar" deydilar."

Qo'shma Shtatlar Eron bilan diplomatik aloqalarni 1979 yili Islom inqilobi vaqtida amerikalik fuqarolar garovga olingach, uzib qo'ygan. Senator Kristofer Dod, AQSh darhol Eron bilan aloqani qisman tiklashi kerak, deb o'ylaydi.

"Biz oz bo'lsa ham aloqaga kirishishimiz zarur. Nega endi bu borada tashqi aloqalarimizni yevropaliklarga topshirishimiz kerak ekan?"

Nikolas Byorns esa Eron hukumati ma'suliyatli munozara olib borish hohishini qayta va qayta rad etib kelgan, dedi.

Nikolas Byorns, shuningdek, Bush ma'muriyati rasmiy Tehron bilan atom dasturi mavzusidagi muzokaralarni olib borayotgan Yevropa Ittifoqi rahbarlarining harakatlarini qo'llab-quvvatlashini, bildirdi. Eronni qo'shimcha iqtisodiy yordam bilan rag'batlantirish orqali uni atom qurolini ishlab chiqarishdan qaytarish mumkin emasligiga ishonishini ham, janob Byorns aytib o'tdi.

XS
SM
MD
LG